AQSH prezidenti Donald Trumpning maslahatchilari uni Eron bilan urushdan tezroq chiqish yo‘lini topishga undamoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor rasmiylarga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.
Maslahatchilar neft narxining oshishi va mojaroning cho‘zilishi Tramp uchun siyosiy yo‘qotishlarga olib kelishini aytgan. 10-mart kuni Floridada jurnalistlar bilan suhbatlashgan AQSH prezidenti “urush tez orada yakunlanishi”ni ta’kidladi, biroq Eron operatsiyasining qachon tugashini ochiqlamadi.
Trampdan tuzumga qarshi bosh ko‘targan Eron xalqiga yordam berish haqida so‘ralganda, u hokimiyatni o‘zgartirishdan ko‘ra mojaroning tezroq tugashiga moyilligini bildirdi.
“Biz uzoq yillik tinchlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan tizimni xohlaymiz, agar bunga erisha olmasak, hoziroq buni tugatishimiz mumkin”, dedi u.
Tramp o‘ldirilgan Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy yangi rahbar etib tayinlanganidan “hafsalasi pir bo‘lgani”ni aytdi. Uning fikricha, bu qaror Tehron murosaga borishni istamasligini ko‘rsatadi.
Tramp ma’muriyatidagi ayrim rasmiylarga ko‘ra, Tehron mintaqa davlatlariga hujum qilishda davom etar ekan va Isroil Eron nishonlariga zarba berishni istar ekan, AQSH urushdan osongina chiqib ketishi dargumon. Tramp agar Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish to‘sib qo‘yilsa, zarbalarni davom ettirishga tayyorligini aytgan.
“Tramp qoniqarli g‘alabani qo‘lga kiritmaguncha janglarni to‘xtatmaydi”, dedi ma’muriyatdagi yuqori martabali amaldor.
AQSH prezidentining fikrlari bilan tanisharga ko‘ra, u AQSH va Isroilning hujumlari davom etayotganiga qaramay, Tehron hukumati qulamayotganidan ba’zan hayratda qolgan.
“Bu hikoya anonim manbalarga tayanib yozilgan va men ishonch bilan ayta olamanki, ular prezident Tramp bilan bir xonada ham bo‘lmagan. Prezidentning asosiy yordamchilari kun-u tun “Epik g‘azab” operatsiyasi muvaffaqiyatga erishishda davom etishiga e’tibor qaratmoqda va bu operatsiyalarning yakuni oxir-oqibat bosh qo‘mondon tomonidan belgilanadi”, degan Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt.
Tramp urush haqida bir-biriga zid bayonotlar ham bermoqda
O‘tgan hafta u Eronning “shartsiz taslim bo‘lishini” istashini aytgan va mamlakatga quruqlik qo‘shinlarini yuborish ehtimolini ham inkor etmagan. 10-mart kuni esa The New York Post gazetasiga bunday buyruq berishdan “hali juda uzoqda” ekanini aytdi. Urush tez orada tugashi mumkinligini aytgach, Tramp “Biz bundan ham oldinga borishimiz mumkin va boramiz ham”, dedi.
AQSHning amaldagi va sobiq rasmiylariga ko‘ra, Tramp agar Mojtaba Xomanaiy AQSH talablariga bo‘ysunmasa, uni yo‘q qilish harakatini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ham aytgan.
Bu bayonotlar urush fonida neft narxi keskin ko‘tarilib, keyin yana pasaygan paytga to‘g‘ri keldi. Bu esa Tramp ittifoqchilari orasida urushning iqtisodiy xarajatlari va siyosiy oqibatlari haqida xavotirlarni kuchaytirdi.
Trampning ayrim maslahatchilari so‘nggi kunlarda uni AQSHni urushdan chiqarish rejasi haqida ochiq gapirishga va harbiylar asosiy maqsadlarga erishganini ko‘rsatishga undamoqda. Manbalarga ko‘ra, prezidentning konservativ tarafdorlari hali ham operatsiyani qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, ayrim maslahatchilar urush cho‘zilsa, bu qo‘llab-quvvatlash kamayib ketishidan xavotir bildirmoqda.
Trampga urush bo‘yicha ayrim jamoatchilik so‘rovlari natijalari ham taqdim etilgan. So‘nggi kunlarda e’lon qilingan so‘rovlar amerikaliklarning aksariyati urushga qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.
“Amerikaliklarning katta qismi Eron rejimi keltirayotgan tahdidni tugatishni va terrorchilarni yo‘q qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Prezident Tramp aynan shuni amalga oshirmoqchi”, dedi Oq uy matbuot kotibi.
Manbalarga ko‘ra, Trampning ayrim maslahatchilari neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshib ketganini xavotir bilan kuzatgan. Shuningdek, ular yaqinlashib kelayotgan oraliq saylovlar haqida xavotir bildirayotgan ayrim respublikachilardan ham qo‘ng‘iroqlar olgan.








