AQSH Eron yetakchilari, jumladan, Mujtabo Xomanaiy haqidagi ma’lumotlar uchun 10 million dollargacha mukofot tayinladi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining Rewards for Justice (“Adolat uchun mukofot”) dasturi saytida ma’lum qilingan.
Davlat departamenti tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida o‘n kishi qayd etilgan, biroq ulardan faqat olti nafarining ismi keltirilgan.
Ular orasida Eron ma’muriyati rahbari Ali Asqar Hijoziy, Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy, oliy rahnamoning katta harbiy maslahatchisi Yahyo Rahim Safaviy, razvedka vaziri Ismoil Xatib, Ichki ishlar vazirligi rahbari Iskandar Mo‘miniy bor.
“Bu shaxslar butun dunyo bo‘ylab terrorchilik harakatlarini rejalashtiradigan, uyushtiradigan va amalga oshiradigan Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining turli bo‘linmalariga qo‘mondonlik va rahbarlik qiladi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, taqdim etilgan ma’lumotlar pul mukofoti olish va boshqa joyga ko‘chirilish huquqini berishi mumkin. Ma’lumotlar uchun 10 million dollargacha mukofot taklif qilingan.
AQSH va Isroil kuchlari 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshladi. Oqibatda Eronning 37 yillik sobiq oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Bunga javoban Tehron Isroil va mintaqadagi arab davlatlarida joylashgan Amerika bazalariga zarba berib kelmoqda.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan livanlik guruh “Hizbulloh” ham Isroilga qarshi zarba berib, Livanni ham urush domiga tortdi.








