Daryo

Abdulaziz Komilov O‘zbekiston nega “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilganini aytdi

Prezident maslahatchisi O‘zbekiston nima uchun bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani, bundan qanday manfaatdorlik borligini tushuntirib, mamlakatning sammitda qatnashgani xalqaro maydonda jiddiy ishtirokchiligini tan olish hisoblanishini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish7 730 ko‘rishlar0 izoh0

“O‘zbekiston 22-yanvar kuni bir necha mamlakatlar qatorida Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etishga qaratilgan “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilgandi. Prezident maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston ushbu kengashga nega qo‘shilgani va undagi manfaatlari haqida gapirdi.

“Kengashining oldida turgan vazifa, avvalambor, Gʻazoning inqirozini hal qilish. Biz prezidentimiz Donald Trampning taklifini qabul qilib, rozilik berdilar. Savol tugʻiladi, biz nima uchun bu tashabbusni qoʻllab-quvvatladik? Birinchidan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan, albatta, bizning manfaatlarimiz bor. Ikkinchidan, mana shu kengashning oldida turgan vazifalar, maqsadlar bizning tashqi siyosatimizning asosiy tamoyillariga toʻliq javob beradi va mos keladi. Uchinchidan, haqiqatdan ham bu mintaqada bizning juda jiddiy, hayotiy manfaatlarimiz bor”, dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.


Abdulaziz Komilov prezident Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi jarayonlarga juda katta eʼtibor berganini qayd etdi. Bundan bir necha yil oldin Markaziy Osiyodan, hatto Oʻzbekistondan bir necha guruhlar, fuqarolar Yaqin Sharqqa ketib, har xil ekstremist oqimlarga, tashkilotlarga, guruhlarga qoʻshilib, keyin Oʻzbekistonga qaytib kelib, muammo tugʻdirishga harakat qilmoqchi boʻlganini bildirdi.

“Qaytarib olib kelgandan keyin, ijtimoiy yangi hayotga kiritish uchun sharoitlar yaratib berildi. Mana shunday mehribonlik Birlashgan Millatlar Tashkilotining rahbariyati tomonidan juda yuqori baholandi va ularning gapiga qaraganda, prezidentimizning siyosati butun dunyoda namuna boʻlishi mumkin. Mana shuning uchun biz aytishimiz mumkin, Oʻzbekistonning ana shu mintaqada boshqa davlatlar bilan manfaatlari bor va bu manfaatdorlik yana shundan iboratki, avvalambor, oʻzimizning xavfsizligimizni taʼminlash”, dedi prezident maslahatchisi.


U Afg‘oniston misolida Yaqin Sharqdagi beqarorlikning Markaziy Osiyoga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham izohladi.

“Afgʻoniston qoʻshnimizga hujum boshlanishidan oldin u yerda hech qanday ekstremist, terrorchi tashkilotlar boʻlmagan. Lekin urush boshlangandan keyin koʻpchilik shunday tashkilotlar, guruhlar qayerdan keldi? Yaqin Sharqdan keldi”, dedi Abdulaziz Komilov.


Uning ta’kidlashicha, Yaqin Sharq muammosini hal qilish oson masala emas. Shuning uchun bu masalani hal qilish uchun butun xalqaro hamjamiyat birlashishi kerak.

“Nafaqat AQSH, arab davlatlari, musulmon davlatlari, Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak. Har bitta qadamni oʻylab qilib, tinchlik oʻrnatilsa, barqarorlik oʻrnatilsa, bu birinchi, juda muhim qadam boʻladi. Biz xalqaro hamjamiyat bilan oʻzimizning hamkorligimizni davom etamiz”, dedi Abdulaziz Komilov.


Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning sammitda ishtiroki davlatga bildirilgan ishonch, hurmat, izzat va mamlakatning xalqaro maydonda jiddiy ishtirokchiligini tan olish hisoblanishini qayd etdi.



Foto: Prezident matbuot xizmati

“Tinchlik kengashi” tarkibiga jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar kiritilgan. 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomi imzolandi. Yangi tuzilma Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

AQSH prezidenti  Donald Tramp “Tinchlik kengashi” BMT bilan hamkorlikda ishlashiga va’da berdi. Uning kuyovi Jared Kushner 22-yanvar kuni Davos shahrida vayron bo‘lgan Falastin anklavi, G‘azoni qirg‘oq bo‘yidagi yirik kurort markaziga aylantirishni nazarda tutuvchi “Yangi G‘azo” loyihasini taqdim etdi. Uning aytishicha, ushbu transformatsiya uch yil ichida amalga oshishi mumkin.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar