AQSH prezidenti Donald Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni o‘zi ilgari surayotgan G‘azo “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishga majburlash uchun fransuz vinolari va shampanlariga 200 foizlik boj joriy etishini aytdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
“U baribir tez orada ketadi”
Jurnalistlarning Makron ushbu kengashga qo‘shilmasligini aytgani haqidagi savoliga javob berar ekan, Tramp keskinlik bilan munosabat bildirdi:
“U shunday dedimi? Aslini olganda, uni hech kim kengashda ko‘rishni xohlamaydi ham, chunki u tez orada o‘z lavozimidan ketadi. Men Fransiya vinolari va shampanlariga 200 foizlik boj qo‘llayman — shunda u kengashga a’zo bo‘ladi. Lekin qo‘shilishga majbur emas”, dedi AQSH rahbari.
Makronning atrofidagi ishonchli manbaning 19-yanvar kuni bildirishicha, Fransiya hozirgi bosqichda ushbu tashabbusga qo‘shilish taklifini rad etish niyatida. Tramp dastlab “Tinchlik kengashi”ni tuzish g‘oyasini 2025-yilning sentyabr oyida, G‘azodagi urushni tugatish rejasini e’lon qilganida ilgari surgan edi. Biroq o‘tgan haftada jahon yetakchilariga yuborilgan rasmiy taklifnomada ushbu tuzilmaning roli ancha kengaygan bo‘lib, u butun dunyodagi mojarolarni hal qilishni ko‘zda tutadi.
Reuters agentligi ko‘rib chiqqan hujjatga ko‘ra, AQSH ma’muriyati dunyoning 60 ga yaqin davlatiga nizom loyihasini yuborgan. Undagi asosiy shartlardan biri diqqatni tortadi: agar davlatlar kengashdagi a’zoligi uch yildan ortiq davom etishini xohlasa, 1 milliard dollar miqdorida naqd pul to‘lashi lozim.
Ta’kidlanishicha, Trampning ushbu rejasi BMT faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Ma’lumot o‘rnida, Tramp O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham ushbu kengashga ta’sischi sifatida a’zo bo‘lishni taklif etdi.








