Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. Tadbir Donald Tramp raisligida o‘tkazildi.
Marosimda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlarning rahbarlari, bosh vazirlari hamda tashqi ishlar vazirlari qatnashdi.
Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni ta’minlash, mintaqaviy va global barqarorlikni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlariga mos kelishi qayd etildi. Yangi tuzilma Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.
Kengash faoliyati mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun sharoit yaratishga qaratilgan. Bu esa farovon iqtisodiyot va tinch hayotga ega “Yangi G‘azo”ni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini yuzaga keltirishi ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, Tinchlik kengashi tarkibiga jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar kiritilgan. Nizomni imzolash orqali O‘zbekiston kengashni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi hamda uning faoliyatida izchil ishtirok etish, shuningdek, ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda kengash vakolatlarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Davlat rahbariga 19-yanvar kuni Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha AQSH prezidentidan rasmiy taklif maktubi kelib tushgandi.
Tashabbus doirasida uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtiruvchi yangi xalqaro tuzilma — “Tinchlik kengashi”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu tuzilma Yaqin Sharqdagi mojarolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga xizmat qilishi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasiga “Tinchlik kengashi”ga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklif etilgandi. Davlat rahbari amerikalik hamkasbiga yo‘llagan javob maktubida O‘zbekistonning ushbu kengashga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyor ekanini bildirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z maktubida mazkur tashabbusni Yaqin Sharqda ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgan nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim va dolzarb qadam sifatida baholagan.








