Daryo

Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda Tinchlik kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi

Oʻzbekiston kengashni tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani va uni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda amaliy ishtirok etishini qatʼiy tasdiqlagani taʼkidlandi.

1 daqiqa o‘qish4 521 ko‘rishlar0 izoh2

Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp raisligida oʻtkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vyetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.

Gʻazo sektorini qayta tiklash va gumanitar yordam koʻrsatish, shuningdek, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari oʻz nutqida dastlabki sammitni chaqirgani uchun Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti, Tinchlik kengashi raisi Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston Tinchlik kengashini tuzish boʻyicha tinchliksevar tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani va uni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda amaliy ishtirok etishini qatʼiy tasdiqlagani taʼkidlandi.

“Ishonchim komil, kengash ishi Gʻazo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Gʻazoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining soʻzsiz ichki qoʻllab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi taʼkidlandi.

Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari Gʻazoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlat rahbari Oʻzbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyorligini qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga boʻlgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi Gʻazoni — iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.

Yig‘ilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar