Daryo

“Rossiya AQSHdan Tinchlik kengashiga 1 mld dollar yo‘naltirish taklifiga javob olmadi” — Peskov

Kreml matbuot kotibi Rossiyaning Tinchlik kengashida ehtimoliy ishtirok etish masalasi ishlab chiqish bosqichida qolayotganini bildirgan.

2 daqiqa o‘qish6 352 ko‘rishlar0 izoh1

Rossiya tomoni AQSHdan muzlatilgan aktivlaridan 1 mlrd dollarini G‘azo sektorini tiklash uchun Tinchlik kengashiga yo‘naltirish taklifiga hali javob olmadi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Bunday taklif chindan ham Rossiya prezidenti tomonidan bildirilgan edi. Biz hozircha bunga javob olmadik”, dedi Peskov.​

Kreml matbuot kotibi AQSH bilan bu mavzuda muloqot olib borilayotgan-borilmayotgani haqidagi savolga ham javob bergan.

“Tinchlik kengashi mavzusi hamon Rossiya prezidentining topshirig‘iga binoan tashqi ishlar vaziri tomonidan ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda puxta o‘rganilmoqda”, deb ta’kidladi Peskov.

Yanvar oyida Vladimir Putin Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashuvda Rossiya Federatsiyasining Tinchlik kengashiga 1 milliard dollar yo‘naltirish taklifi haqida o‘z fikrlarini bildirgan.

“Ehtimol, eshitgandirsiz, biz yangi tuzilma - Tinchlik kengashiga birinchi navbatda va asosan Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash, bu mablag‘larni G‘azo sektorini tiklash va umuman Falastin muammolarini hal etishga yo‘naltirish uchun milliard dollar ajratishga tayyormiz. Men avval ham aytganman, Qo‘shma Shtatlarda avvalgi ma’muriyat davrida muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan bu maqsadda foydalanish mumkin, deb o‘ylayman”, degan Putin.

Donald Tramp Rossiya o‘z mablag‘laridan G‘azo bo‘yicha tinchlik kengashiga 1 mlrd dollar ajratsa, bunga qarshilik qilmasligini aytgan.

  • Gʻazo boʻyicha “Tinchlik kengashi”

“Tinchlik kengashi” — Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashkilotdir. Shveysariyaning Davos shahrida 2026-yilning 22-yanvar kuni tashkilot nizomi qabul qilindi. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham ushbu kengash nizomini imzoladi. Jami 19 ta davlat yetakchilari Davosdagi mazkur tadbirda qatnashdi. Kengashga doimiy a’zo bo‘lishni istagan davlatlar 1 milliard dollar ixtiyoriy badal to‘lashi lozim.

AQSH ma’muriyati ushbu mablag‘lar “G‘azoni tiklashga yo‘naltirilishini” va’da qilmoqda. Trampning kuyovi Jared Kushner Davosdagi yigʻilishda Yangi Gʻazo boʻyicha rejalarni e’lon qilgan. Unga ko‘ra, kelgusi 10 yil ichida (2035-yilgacha) G‘azo hududining yalpi ichki mahsuloti 10 milliard AQSH dollaridan oshadi va 500 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 5 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ zamonaviy va ishonchli kommunal infratuzilma hamda jamoat xizmatlariga yo‘naltiriladi.

“Tinchlik kengashi” nizomiga ko‘ra, a’zo davlatlar yetakchilari yiliga bir marta AQSH prezidenti raisligida yig‘iladi. Kengash raisi — ya’ni AQSH prezidenti — uni boshqarishda mutlaq vakolatlarga ega bo‘ladi. U har qanday qarorga veto qo‘yishi, shuningdek, kengashga kim a’zo bo‘lishi yoki a’zolikdan chetlatilishini belgilashi mumkin. A’zo bo‘lingan vaqtdan boshlab davlatning kengashdagi vakolat muddati uch yil etib belgilanadi. Agar 1 milliard dollarlik badal toʻlansa, bu muddat uzaytirilishi mumkin. Qozogʻiston “Tinchlik kengashi”ga badalsiz a’zo boʻlgan.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar