Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Vashington shahrida o‘tkazilgan Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishida nutq so‘zlab, AQSH prezidentiga tashabbus uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston yetakchisi sammit Trampning siyosiy irodasi va pragmatik yondashuvi natijasi ekanini ta’kidladi. Mamlakat mazkur kengashni tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani hamda uning faoliyatida amaliy ishtirok etishga tayyor ekani ma’lum qilindi.
Davlat rahbari kengash faoliyati G‘azo sektorini iqtisodiy va ijtimoiy tiklash uchun qulay sharoit yaratishiga ishonch bildirdi. Uning ta’kidlashicha, har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi mahalliy aholi qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi zarur. Mojarodan keyingi jarayon barqaror bo‘lishi uchun barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari muhim ekani qayd etildi.
Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azoni tiklash jarayoniga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirar ekan, turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishida ishtirok etish mumkinligini aytdi. Bu tashabbus hududda ijtimoiy infratuzilmani qayta tiklash va aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgani ta’kidlandi.
Prezident sammitning Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida o‘tkazilayotganini ramziy voqea sifatida baholadi. Uning fikricha, mazkur uchrashuv xalqaro hamjihatlik va tinchlikparvarlikning amaliy ifodasi bo‘lib, Yaqin Sharqda barqarorlikni ta’minlash uchun tarixiy imkoniyat yaratadi. Nutq yakunida u yangi, iqtisodiyoti rivojlangan va munosib yashash sharoitlariga ega G‘azoni barpo etish zarurligini qayd etdi.








