Komil Allamjonov Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili etib tayinlandi. Bu haqda Sherzod Asadov xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining farmoyishiga muvofiq, Komil Ismoilovich Allamjonov maslahatchi-vakil – Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimiga tayinlandi.
Shu bilan birga, Komil Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining maslahatchisi sifatidagi faoliyatini ham davom ettiradi.
Bundan avval Jorj Vashington universiteti huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) Markaziy Osiyo dasturi (CAP) janob Komil Allamjonovni dasturning maxsus maslahatchisi etib tayinlanganini eʼlon qilgandi.
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi
Tashqi siyosiy va davlat tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi — O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining AQSHdagi lavozimi kiritilishi haqida xabar berilgandi. Prezidentning 12-noyabrdagi farmonida belgilanishicha, maslahatchi-elchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish, shuningdek, faoliyati reglamentini tasdiqlash prezident administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
Maslahatchi-elchi o‘z faoliyatida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbariga hisobdor va O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.
Maslahatchi-elchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
- O‘zbekiston va AQSHda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish;
- O‘zbekiston tomonidan Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ishini kompleks muvofiqlashtirish.
Farmonga ko‘ra, tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi xodimlari shtat birligini ko‘paytirish to‘g‘risida taklif kiritishi lozim.
Bir oy muddatda AQSH hududida qo‘shimcha konsulliklar ochish masalasini ishlab chiqadi. Bunda geografik qamrovni ta’minlash uchun kontingentga AQSH tarmoqlarining asosiy xablari bilan ishlovchi xodimlar va mutaxassislar kiritiladi hamda vatandoshlar yirik diasporalari eng ko‘p to‘plangan hududlar (Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlari) hisobga olinadi.
Shuningdek, AQSHning barcha shtatlarida yashab kelayotgan o‘zbek diasporalari bilan samarali hamkorlik modelini ishlab chiqib, muvaffaqiyatli amalga oshirish — AQSH hududida yangidan tashkil etilayotgan konsulliklarning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.








