Nurafshon shahar hokimi Ilhom Qilichxonov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 8-iyun kuni Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ilhom Qilichxonov 2023-yilning aprelidan buyon Nurafshon shahriga hokimlik qilib kelayotgandi. Undan avval Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlagan.
Hokimlik axborotida qayd etilishicha, u faoliyatini yangi vazifada davom ettiradi. 8-iyun kuni viloyatda bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
24-aprelda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida prezident tegishli viloyatlar hokimlariga Nurafshon shahri, G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlari rahbarlarining lavozimiga loyiqligini qayta ko‘rib chiqishni topshirgandi.
Yig‘ilishda Nurafshon shahar hokimi byurokratik to‘siqlar sabab ikki yildan buyon qurilishni boshlay olmayotgan tadbirkorga amaliy yordam ko‘rsatish o‘rniga, mazkur holat qanday qilib prezident darajasigacha yetib borganini aniqlash bilan band ekani tanqid qilingandi.








