AQSH mehnat vaziri Lori Chaves-Deremer oʻz lavozimini tark etmoqda. U mart oyidan beri prezident Donald Tramp administratsiyasidan ketayotgan uchinchi ayol mulozim hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, Chaves-Deremer xususiy sektorda faoliyatini davom ettiradi. Ammo Amerika ommaviy axborot vositalari uning isteʻfosi bir qator ayblovlar bilan bogʻliqligini aytmoqda. Jumladan, Chaves-Deremer ish joyida spirtli ichimlik ichish, yosh xodimlar bilan shaxsiy aloqada bo‘lish va davlat mablag‘lari hisobidan shaxsiy sayohatlar uyushtirganlikda ayblangan.
Shuningdek, vazirlikda “nomaqbul ish muhiti” yuzaga kelgani va mehnat sharoitidan shikoyat qilgan xodimalardan o‘ch olish holatlari bo‘yicha ham shikoyatlar tushgan. Bu holatlar Tramp ma’muriyatidagi kadrlar almashinuvining bir qismi sifatida baholanmoqda.
Immigrantlarga shafqatsiz bo‘lgan vazirning ishdan boʻshashi
Avvalroq ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ishdan olingan edi. Mazkur qaror immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan AQSHning ikki fuqarosi — Reni Gud va Aleks Prettining otib o‘ldirilishi ortidan qabul qilindi. Noem marhumlarni “ichki terrorchilar” deb atagan va fojia tafsilotlari ochiqlangandan keyin ham uzr so‘rashdan bosh tortgan edi.
Bundan tashqari, Noemning 220 million dollarlik reklama kampaniyasidagi ishtiroki ham tanqidlarga sabab bo‘lgan. Unda vazir Rushmor tog‘i fonida ot ustida suratga tushgan. Noem kampaniya byudjetini Donald Tramp shaxsan ma’qullaganini aytgan, biroq AQSH prezidenti bu ma’lumotni rad etgan. Tramp uning o‘rniga Respublika partiyasidan senator Markueyn Mallinni nomzod sifatida taklif qilgan.
Bosh prokuror iste’fosi: Epshteyn ishi va kutilmagan tayinlov
Aprel oyida Donald Tramp AQSH bosh prokurori Pem Bondini ham lavozimidan ozod etdi. Oq uy rasmiy bayonotida Bondining xususiy sektorga o‘tayotganini sabab qilib ko‘rsatgan bo‘lsa-da, manbalar bunga Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarning oshkor qilinishi turtki bo‘lganini aytmoqda.
CNN xabariga ko‘ra, Tramp bir necha sabablarga ko‘ra Bondidan norozi bo‘lgan: birinchidan, Epshteyn ishi bo‘yicha olib borilgan faoliyat, ikkinchidan, prezidentning siyosiy raqiblariga nisbatan yetarlicha tergov o‘tkazilmagani. Bosh prokuror lavozimini endilikda uning o‘rinbosari Todd Blansh egallaydi.








