Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu York shahriga tarixiy tashrifi yakunlandi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari AQSHga tashrifi chog‘ida Bosh Assambleyaning umumsiyosiy munozaralarda so‘zga chiqib, BMTning eng dolzarb global muammolarni hal etish uchun asosiy platforma sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik eng dolzarb masalalarni hal etish, tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Oʻzbekiston rahbarining AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning markaziy voqeasi boʻldi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishdi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, BMT Bosh kotibi A.Guterrish, Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al Husayn, Chexiya prezidenti Petr Pavel, Albaniya prezidenti Bayram Begay, shuningdek, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga va Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston prezidenti AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gorni, AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus” raisi, kongressmen Trent Kellini qabul qildi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi ham sermazmun bo‘ldi. Oʻzbekiston yetakchisi AQSH ishbilarmonlari ishtirokida davra suhbati, shuningdek, qator yetakchi transmilliy kompaniyalar, korporatsiyalar, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlar — Traxys, FLSmidth, McKinsey, Go Green Partners, Kolorado geologiya maktabi, BlackRock, Boeing Global, Franklin Templeton, Citigroup, Air Products, BNY, Jefferies, NASDAQ, Oppenheimer va boshqa koʻplab kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv va muzokaralar natijasida oʻrta muddatli loyihalar dasturi shakllantirildi. O‘zbekiston prezidenti va AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida muhim minerallar, fuqaro aviatsiyasi, kimyo sanoati, energetika va boshqa ustuvor sohalarda imzolangan ikki tomonlama savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini almashish marosimi bo‘lib oʻtdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi yakunida davlati rahbari, anʼanaga koʻra, AQSHda ishlayotgan va yashayotgan bir guruh vatandoshlar, shuningdek, Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi‘ jamgʻarmasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.








