AQSH prezidenti Donald Tramp 10-avgust kuni Vashingtonda jinoyatchilikka qarshi kurashish rejasini e’lon qilar ekan, poytaxtdagi uysizlardan darhol shaharni tark etishni talab qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Trampning aytishicha, poytaxtdagi uysizlar uchun maxsus boshpanalar taqdim etiladi, ular ammo poytaxtdan uzoqda joylashadi. Prezident o‘zining ushbu qarori bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardan birida shunday post qoldirgan:
“Biz sizni boshpana bilan taminlaymiz, ammo poytaxtdan juda uzoqda. Jinoyatchilar esa ko‘chmaydi — ularni qamoqqa joylaymiz”.
AQSH prezidenti, shuningdek, shaharni “misli ko‘rilmagandek xavfsiz va chiroyli qilish” bo‘yicha 11-avgust kuni Oq uyda matbuot anjumani o‘tkazishini ma’lum qilgan.
Vashington meri, demokrat Muriel Bouzer, prezidentning bu talablariga javoban hozirda shaharda jinoyatchilik darajasi ancha past ekanini qayd etgan.
“Shaharda 2023-yilda jinoyatlar ko‘p qayd etilgandi. Ammo 2025-yilda ularning darajasini so‘nggi 30 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushirishga erishdik”, dedi u.
Ta’kidlanishicha, Donald Tramp iyul oyida uysizlarni hibsga olish bo‘yicha farmon imzolagan. Ushbu farmon doirasida o‘tgan hafta federal huquq-tartibot organlari Vashington ko‘chalarida reyd o‘tkazishni boshlagan. Bu harakatlarga Qo‘shma Shtatlar politsiyasi, Giyohvand moddalar aylanmasiga qarshi kurash agentligi, Federal qidiruv byurosi va AQSH marshallari xizmatidan jami 450 ga yaqin xodim jalb etilgan.
Poytaxtdagi jinoyatchilik darajasi boshqa yirik AQSH shaharlariga nisbatan yuqoriroq bo‘lib qolmoqda. Ma’lum qilinishicha, shaharda 2025-yilning hozirgi davrigacha 98 ta qasddan odam o‘ldirish holati qayd etilgan. Ammo umumiy zo‘ravonlik jinoyatlari (o‘g‘irlik, talonchilik, qurolli hujum) bo‘yicha 2024-yilda 30 yillikdagi minimum ko‘rsatkich qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 700 ming aholiga ega Vashingtonda o‘rtacha 3782 nafar uysiz shaxs mavjud. Ularning 800 ga yaqini har kuni tunni ko‘chalarda o‘tkazadi. Shahar meri prezidentning politsiya ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish tahdidini ham qoralab, shunday dedi:
“Bizning qonunchiligimiz bunga faqat aniq sharoitlarda ruxsat beradi. Hozirda holatni bunday deb baholay olmaymiz”.
Izoh (0)