Mamlakatda 2025/26-o‘quv yilidan chet tilidan dars beradigan o‘qituvchilarda kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat bo‘lishi shart. Bu talab hukumatning 2021-yil 19-maydagi qarorida belgilangan.

Qarorda yozilishicha, talab barcha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalari uchun amal qiladi. Bunda faqatgina ingliz tili emas, balki barcha xorijiy tillar qamrab olinadi (2-xorijiy til ustozlari mustasno).
Qarorga binoan mazkur tartib 2024-yildan joriy etilishi kerak edi. Lekin pedagoglar va jamoatchilik vakillari murojaatlari sababli qaror ijrosi bir yilga uzaytirilgan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi yangi talab haqida pedagoglarga bir necha marta rasmiy eslatmalar bergan. Hududlarda tushuntirish ishlari ham olib borilgan.
“Daryo” masala yuzasidan vazirlik axborot xizmati bilan bog‘lanib, sertifikatsiz chet tili o‘qituvchilari soni qanchaligini so‘radi.
“Hozir raqamlar tahlil qilinib, o‘rganib chiqilyapti. Iyul–avgust oylarida ko‘p o‘qituvchilar til sertifikati olish uchun arizalar topshirgan, javoblar sentyabrga yaqin chiqadi”, deya maʼlum qildi vazirlikdagi manba.
Yangi o‘quv yilidan boshlab kamida B2 sertifikati bo‘lmagan chet tili o‘qituvchisi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin. Sertifikat talabi qo‘yilishi sifatli taʼlimga erishish ekani bir necha bor aytilgan. Xorijiy tilda dars beruvchi o‘qituvchi chet tilini eng kamida B2, yaʼni oliy taʼlimni bitirganda bakalavrga qo‘yilgan darajada bilishi kerakligi nazarda tutilmoqda.
O‘z navbatida qarorda 2022/23-o‘quv yilidan boshlab, davlat taʼlim muassasalariga yangi ishga kirgan chet tili o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi kerakligi belgilangan. 2022/23-o‘quv yiligacha davlat oliy taʼlim muassasalarida ishlayotgan barcha chet tili o‘qituvchilari kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat olishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yilda respublikadagi maktablarda B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega xorijiy til o‘qituvchilari soni 29 001 nafar bo‘lgan. Til bilish sertifikatiga ega maktab o‘quvchilari umumiy soni esa 37 074 nafarni tashkil etgan.
Izoh (0)