“Manchester Siti” yarim himoyachisi Jeyms Makeyti Angliya Premer Ligasining boshqa klublari e’tibor markazida turibdi. Sky Sports nashrining xabariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchiga “Nottingem Forest” va “Kristal Pelas” klublari qiziqish bildirmoqda.

Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” o‘z tarbiyalanuvchisining qiymatini kamida 29 million yevroga baholamoqda. Klub futbolchini yozgi transfer oynasida sotishga tayyor ekani haqida avvalroq ham xabarlar tarqalgan edi.
Shuningdek, Makeytiga Germaniya Bundesligasi va Italiya A Seriyasining bir qator klublari ham qiziqish bildirmoqda. Xususan, Italiyaning “Atalanta” klubi futbolchi atrofidagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda.
Makeyti o‘tgan mavsumda “Manchester Siti”ning barcha musobaqalar doirasidagi 27 ta o‘yinida maydonga tushib, 7 ta gol muallifiga aylangan. Uning klub bilan shartnomasi 2026-yil yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 20 million yevro atrofida baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik futbolchisi Abduqodir Husanovga “Manchester Yunayted” tomonidan qiziqish borligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, jamoa tomonidan qishki transfer oynasida xarid qilingan Niko Gonsales ham klub safini tark etishi mumkinligi bildirilgan.
Izoh (0)