U Isroilni tan olgan ikkinchi musulmon davlati bo‘ldi. Yahudiy davlati o‘z ehtiyoji uchun neftning qariyb yarmini aynan ulardan olib, evaziga qurol-yarog‘ sotardi. Bu ham yetmaganidek, ikki hamkor birgalikda Yevropa bozoriga chiqishni niyat qilgan va qo‘shma loyihalar ustida ishlardi. Gap Eron haqida ketyapti desak, bu sizni ajablantiradimi? O‘sha paytlar voqealar rivojining bu qadar keskin o‘zgarib ketishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. G‘arbga sodiq monarxiyaning ag‘darilishi nafaqat mamlakat, balki mintaqa ob-havosini o‘zgartirdi. 1979-yili yuz bergan voqealar ikki qalin ittifoqchini ashaddiy dushmanlarga aylantirib, qariyb yarim asr davom etgan soyalar urushini boshlab berdi. Status-kvo 2025-yilning 12-iyun kuniga qadar davom etdi.
O‘shanda Isroil Eron harbiy elitasi va yadroviy dasturini boshsiz qoldirdi. Mamlakatning havo mudofaa tizimlari, harbiy sanoat korxonalari va bazalari nishonga olindi. Isroil eng og‘riqli zarbani yadroviy obyektlarga hujum qilish orqali yo‘lladi. Eron esa bunga javoban Isroilga yuzlab raketalar uchirdi. Ularning maʼlum qismi havo mudofaa tizimlaridan o‘tib, talafot yetkazdi. 12 kun davom etgan mojaroda 28 nafar isroillik halok bo‘ldi, yana mingdan ortig‘i turli darajada jarohatlandi. Eron esa, o‘z navbatida, 400 nafar qurbon berdi. Ulardan 14 nafari bolalardir.
Yarim asr muqaddam qalin ittifoqchilar hisoblangan hisoblangan bu ikki davlat xavfsizlik, savdo, madaniy sohalarda chuqur hamkorlik qilgan. Tehronning eng boy, eng so‘lim mavzelaridagi mol-mulklar yahudiy tadbirkorlarga tegishli edi. G‘arb bilan qalin munosabatlar Eronga texnologik taraqqiyotning eng so‘nggi yutuqlaridan bahramand bo‘lish, sarmoya jalb etish va shu orqali Osiyoning eng tez rivojlanayotgan davlatlaridan biriga aylanish imkonini berdi.

Biroq umumiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar yaxshilangani bilan, bu oddiy aholi turmush tarzida aks etmadi. Qolaversa, Shoh boshqaruvida Eron sekulyarizmning ashaddiy yo‘lidan ketdi. Dindorlar taʼqibga olindi. Muxolifat esa hokimiyat kuchi bilan birma-bir yo‘ldan olindi. Bunda Savak nomli maxfiy politsiya favqulodda rol o‘ynadi. U o‘zgacha fikrlovchilar uchun qora tushga aylandi. Ammo oddiy eronliklarni g‘azablantirgan omillar faqat bu bilan cheklanib qolmagan. Mamlakat aholisi keng urchigan korrupsiya, adolatsizlikdan aziyat chekdi.
Eronni boshqarayotgan pahlaviylar sulolasi 1971-yili yana bir qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Ahamoniylar imperiyasining 2500 yillik yubileyini nishonlash uchun Persopolis yaqinidagi sahroda hashamatli chodirlardan iborat vaqtinchalik shaharcha qurildi. Dunyo bo‘ylab 60 dan ortiq davlat rahbarlari, qirollik oilalari vakillari hamda boshqa yuqori martabali mehmonlar taklif etildi. Ular uchun yozilgan dasturxonga 6000 kg oziq-ovqat, 18 tonna ichimlik, jumladan besh ming shishada fransuzlarning qimmatbaho sharobi tortildi. Shu va boshqa xarajatlar uchun 100-120 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflangan. Agar hozirgi kun qiymati bilan hisoblansa, XX asrning eng qimmat ziyofati eronliklarga qariyb yarim milliard dollarga tushgan. Bu esa aholining noroziligini oshirgan.

Anchadan buyon kutilayotgan chaqnash 1978-yili yuz berdi. Mamlakatning maʼnaviy poytaxti hisoblangan Qum shahrida talabalar va politsiya to‘qnashdi. Shundan so‘ng boshlangan va bir yil davom etgan tartibsizliklar sabab avvalgi shoh, keyin esa bosh vazir mamlakatni tashlab qochdi. Anʼanador eronliklar mashhur ruhoniylardan biri Ruhulloh Xumayniy boshchiligida hokimiyatga kelib, mamlakatni Islom respublikasi deb eʼlon qildi. Inqilob mintaqada keskin o‘zgarishlarni boshlab berdi.
O‘zlari tortgan musibatlar uchun nafaqat rejim, balki uni dastaklovchi kuchlar, yaʼni, G‘arbni sababchi deb bilgan g‘azabnok namoyishchilar Qo‘shma Shtatlarning Tehrondagi elchixonasiga bostirib kirdi. Inqilob yetakchilari 53 nafar amerikalikni garovga olib, 444 kun davomida hibsda saqladi. Bunga javoban, Qo‘shma Shtatlar Eronga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalarni kiritdi. Xalqaro izolyatsiya boshlandi. Mamlakatni yakkalash siyosatiga Isroil ham qo‘shildi.

Teskari sanoq
Tehron markazidan Falastin maydoni uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda vaqti-vaqti bilan G‘arbga qarshi ommaviy namoyishlar o‘tkazilib turiladi. Biroq mazkur majmuani dunyo eʼtiboriga tushirgan boshqa bir omil ham bor. Gap 2040-yilgacha sanaydigan soat haqida. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Xumayniy Isroil aynan shu yilga borib, Yaqin Sharqdan yo‘q bo‘lib ketishi haqida bashorat qilgandi. Mana shuning o‘zi ham ikki o‘rtadagi dushmanlik naqadar chuqur ildiz otganidan dalolat beradi.

Biroq, shunga qaramay, qariyb yarim asrlik tirashuv davrida har ikki tomon yuzma-yuz to‘qnashuvlardan qochib keldi. Buning o‘rniga ular soyalar urushini olib borishdi. Isroil Eron yadroviy infratuzilmasiga kiberhujumlar uyushtirib, taniqli fiziklarga nisbatan suiqasdlar tashkil etdi. Bundan tashqari, Eronning mintaqadagi harbiy operatsiyalarni boshqaradigan yuqori martabali qo‘mondonlari nishonga olindi. Iroq va Suriyadagi kurd qurolli guruhlari ham Tel-Aviv yordamidan bebahra qolmadi. Qolaversa, o‘zining G‘arb olamidagi lobbisidan foydalanib, Eronni xalqaro maydonda yakkalab qo‘ydi.
Tehron esa mintaqa bo‘ylab ittifoqchilar tarmog‘ini tuzdi. “Qarshilik o‘qi” deb atalgan bu klubga asosan shia mazhabiga eʼtiqod qiluvchi musulmonlardan iborat qurolli harakatlar kiradi. Livan Hizbullohi, Yaman husiylari hamda Iroq va Suriyadagi qator qurolli guruhlar shular jumlasidan. Ular Tehron uchun o‘ziga xos bufer vazifasini bajarib beradi. Buning evaziga qurol-yarog‘, moddiy yordam olib turdi. Taʼkidlash joiz, qarshilik o‘qi aʼzolari turli to‘qnashuvlar va nizolarda jangovar tajriba orttirgan.
Masalan, “Hizbulloh” Livan janubini nazorat qiluvchi kuch, soddaroq aytganda davlat ichidagi davlat edi. Biroq 2023-yilning 7-iyun kuni Isroil bilan boshlangan mojaro tashkilot uchun jiddiy zarba bo‘ldi. Urushga qadar o‘z saflarida 40 mingdan 100 mingga qadar askar jamlagan, minglab raketalardan iborat arsenalni tasarruf qilgan edi. Biroq tashkilot rahbariyatiga berilgan zarbalar, Mossad tomonidan olib borilgan “Peyjerlar operatsiyasi” – bularning bari bir vaqtlar hatto Livan qurolli kuchlaridan qudratliroq bo‘lgan tuzilmani zaiflashtirdi. Rasmiy hokimiyat hozir “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish bilan band.

Yaman husiylari
Husiylar yoxud Ansor Alloh harakati 2014-yili Yamanda boshlangan fuqarolar urushidan so‘ng dunyo eʼtiboriga tushdi. Hukumat kuchlari, qolaversa, Saudiya boshchiligidagi arab koalitsiyasiga qarshi sakkiz yil kurashgan guruh Isroil va ittifoqchilarni dushman deb biladi. Ularning Eron bilan manfaatlari bu nuqtada ham kesishadi. Harakat tarkibida 100 mingdan 200 mingga qadar jangchi bor deb ishoniladi. Agar zarurat tug‘ilsa, safarbarlik orqali qo‘shimcha kuchlarni jalb qilish ham mumkin. Ular yahudiy davlatiga vaqti-vaqti bilan, biroq muntazam ravishda dron va ballistik raketalar uchirib turadi. Qizil dengizdan o‘tgan savdo kemalarini nishonga olish bilan esa xalqaro savdoga, xususan G‘arb davlatlariga bosim qiladi.
Eronda din bu shaxsiy eʼtiqoddan ko‘proq narsa, balki mafkura, yaʼni jamiyat va davlat mexanizmlarini harakatlantiruvchi yoqilg‘i hisoblanadi. Bu omil nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqi munosabatlarda ham muhim o‘rin tutadi.
Yuqorida aytilganidek, qarshilik o‘qi aʼzolarining mafkurasi umumiy asos – shialikda birlashadi. Biroq sunniy musulmonlardan tuzilgan yana bir harakat Tehron ko‘magidan foydalanib kelmoqda. HAMAS va Eronni ko‘proq siyosiy manfaatlar birlashtiradi. Tehron, arab davlatlari tashlab qo‘ygan bir vaqtda, harakatni Isroilga qarshi kurashda dastaklaydi. Falastinliklar esa “Qarshilik o‘qi”ning bir bo‘g‘ini sifatida Eron manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Strategik sabr
Eronning Isroilga munosabati va xatti-harakatlarini mana shunday ifodalash mumkin. Tehron yahudiy davlatining mavjudligiga chek qo‘yishdan manfaatdor. Uni Yaqin Sharq davlatlari orasiga suqilgan pona sifatida ko‘rgani, qarama-qarshi siyosiy rejimlarga mansubligi bois qimmatli resurslarini sarflab kurashadi. Biroq buni kutish va mintaqada kuchlar nisbati keskin o‘zgaradigan kunga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochish orqali bajarishni maʼqul ko‘radi. Aniqrog‘i, ularda boshqa chora ham yo‘q.
Har ikki tomondan qabul qilingan mazkur o‘yin qoidasi 10 yillar davomida ishlab keldi. Biroq Isroil Eronning Suriyadagi konsullik binosiga zarba berish bilan status-kvoni buzdi. Xalqaro huquqqa ko‘ra bir tomonlama urush ochishdek baholanadigan harakatga Eron dron va raketalar zarbasi bilan javob qaytardi. Oradan bir necha oy o‘tib, “Hizbulloh” yetakchisining o‘ldirilishiga javoban yana bir bor zarba yo‘lladi. Har ikkala hujumda yuzlab ballistik raketalar qo‘llanilgan bo‘lsa-da, Eron mojaroni nazoratsiz eskalatsiyaga olib bormaslik uchun ancha ehtiyotkorlik bilan harakat qildi.

Isroil so‘nggi ikki yil ichida Tehronning mintaqadagi ittifoqchilari hamda proksilariga jiddiy zarba berdi. Natijada ular zaiflashib, tahdid darajasi pasaydi. Biroq Eron dastagidagi “Qarshilik o‘qi”ga eng og‘riqli musht Suriyada tushirildi. Qurolli muxolifat tomonidan kutilmaganda boshlangan hujum ikki haftaga ham bormasdan Damashqda hokimiyat almashishi bilan yakunlandi. Mamlakatni yarim asr boshqargan sulola ag‘darilib, prezident Bashar Asad Moskvaga qochdi. Yangi maʼmuriyat Turkiya va arab davlatlari bilan qalin munosabatlarga kirishdi. Tehron va Moskva Damashqni yo‘qotdi. Bu bilan Yaqin Sharqda kuchli taʼsir doirasidan ham mahrum bo‘ldi. “Hizbulloh” esa Erondan keladigan muhim taʼminot yo‘lidan uzilib qoldi.
Yangi faza
Eron harbiy rahbariyatining yuqori martabali qo‘mondonlari, yadro fiziklari, yadroviy obyektlar, harbiy bazalar, havo mudofaa tizimlarini nishona olgan amaliyot Isroil uchun muvaffaqiyatli kechdi. Isroil harbiy havo kuchlari osmondan, Mossad diversantlari esa ichkaridan turib mamlakatga talafot yetkazdi. Shundan so‘ng start olgan keskinlikning yangi fazasi 12 kun davom etdi. Biroq Isroil Eronning eng mustahkam himoyaga ega Fordo yadroviy inshootini mustaqil yo‘q qila olmadi. Shu bois bunga qodir Qo‘shma Shtatlarga yuzlandi.
AQSH harbiy havo kuchlari “Yarim tun bolg‘asi” deb nomlangan amaliyotga B-2 Strategik bombardimonchilarini jalb qildi. O‘zining vayronkor o‘t ochish kuchi bilan “bunker teshuvchilar otasi” deya nom olgan GBU-57 bombalaridan 12 ta qo‘llanildi. Ammo bu turdagi o‘q-dorilar yer ostida portlashga mo‘ljallangani bois, sunʼiy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar orqali talafot ko‘lamini baholash imkonsiz. Ammo Eron Qo‘shma Shtatlarning bu harakatini javobsiz qoldirmadi. AQSHning mintaqadagi bazalariga, ramziy bo‘lsa-da, zarba berildi.

Eron ikki yil oldingiga nisbatan ancha zaif ahvolda. Mamlakatning qudratli ittifoqchilari yoki proksilari, bu qaysi tomondan qarashga bog‘liq, taʼsir doiralaridan ajraldi yoki siyosiy maydondan butunlay chiqdi. Hosil bo‘lgan vakuumni Turkiya va Isroil to‘ldirdi. Yahudiy davlati tomonidan nishonga olingan yadroviy obyektlarni tiklash uchun esa yillar talab etiladi.
Biroq bu hali o‘yin tugadi degani emas. So‘nggi mojarodan so‘ng Tehron MAGATE inspektorlari mamlakatdan chiqarib yuborilishini aytdi. Bu Eron yadroviy dasturi ustidan xalqaro nazorat yo‘qolishini anglatadi. Qolaversa, ayrim G‘arb nashrlari ham eronliklar AQSH zarbalaridan oldin boyitilgan uran zaxirasi nomaʼlum nuqtaga ko‘chirilgani, bundan esa hatto Qo‘shma Shtatlar razvedkasi bexabarligini yozib chiqdi.

Darhaqiqat, yadro fiziklar va infratuzilmaga berilgan zarbalar dasturni bir necha yil, ehtimol o‘n yil ortga suradi. Ammo to‘xtatib qo‘ya olmaydi. Eng muhimi, Eron yadroviy qurol yasashga astoydil kirishadi. Chunki avval ikkilangani tovoni unga juda qimmatga tushdi.
Izoh (0)