G‘azo sektori janubidagi janglarda 7 nafar isroillik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlariga tayanib, The Times of Israel nashri xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, ular joylashgan Puma og‘ir zirhli jangovar muhandislik mashinasi ostiga portlovchi moslama o‘rnatilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bomba portlashi natijasida mashina alanga olgan. Bu vaqtda ichkarida bo‘lgan barcha askarlar tiriklayin yonib ketgan. Yong‘inni o‘chirishga qaratilgan urinishlar samara bermagan. Keyinroq kuygan jasadlar G‘azodan olib chiqilgan.
Isroil rasmiylari ro‘yxatni e’lon qildi. Ular orasida bitta leytenant va oltita serjant bor. Halok bo‘lganlarning barchasi 605-jangovar muhandislik batalyoni a’zolari bo‘lgan.

Xon Yunusda yuz bergan yana bir holatda batalyonning yana ikki askari granatomyot zarbasiga uchragan. Oqibatda ulardan biri og‘ir, ikkinchisi esa yengil tan jarohati olgan. Shu bilan Isroil armiyasining G‘azoga quruqlik hujumi boshlanganidan buyon yo‘qotishlari soni 440 nafarga yetdi.
Isroil mudofaa vaziri mazkur voqea yuzasidan X (sobiq Twitter) sahifasi orqali bayonot berdi.
“Bizning askarlarimiz qahramonlarcha jang qildi va Isroilni himoya qilish hamda garovga olingan fuqarolarimizni qaytarish missiyasi davomida halok bo‘lishdi”, degan Isroil Kats halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib.
Isroil prezidenti Isaak Gertsog ham mazkur voqea sabab chuqur qayg‘uga tushganini ma’lum qildi.
“G‘azodagi manzara og‘ir, janglar og‘ir, yuk esa chidab bo‘lmas darajada. Biz bosh egamiz, azador oilalarni quchoqlaymiz. Yaralanganlar sog‘ayib ketishini tilaymiz va barcha harbiylarimizga kuch tilaymiz”, degan u.
7-oktyabr voqealaridan so‘ng boshlangan mojaro zanjir reaksiyasini keltirib chiqarib, butun mintaqaga yoyildi. O‘shandan buyon halok bo‘lgan g‘azoliklar soni 56 mingdan oshdi. Ular asosan ayollar va bolalar hisoblanadi. Bundan tashqari, Isroil hujumlari natijasida Livan, Suriya va Eronda ham tinch aholidan qurbonlar berildi.
Izoh (0)