Raqobat qo‘mitasi chakana savdoda aksiya va chegirmalarni huquqiy tartibga solishga doir yangi tartib loyihasini ishlab chiqdi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Qo‘mitaning bildirishicha, prezidentning 2025-yil 30-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida, chakana savdoda aksiya va chegirmalarni huquqiy jihatdan tartibga solish va davlat nazoratini ta’minlash vazifasi belgilangan.
Yangi tartib loyihasida aksiya va chegirmalarga oid asosiy tushunchalarga huquqiy ta’rif berildi. Bunda:
- aksiya – iste’molchilarni jalb qilish va sotuvni rag‘batlantirishga qaratilgan maxsus shartlardagi taklif;
- chegirma narx – avvalgi narxdan ma’lum foiz yoki summada arzonlashtirilgan narx;
- chegirmagacha bo‘lgan narx – oxirgi 30 kun davomida amalda bo‘lgan eng past narx hisoblanadi va uning haqqoniyligi sotuvchi tomonidan isbotlanishi shart.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan chakana savdoda aksiyalar o‘tkazish va chegirmalar taqdim etish bo‘yicha Germaniya, Fransiya, AQSH, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy davlatlaridagi me’yoriy amaliyot o‘rganildi. Ularda sun’iy chegirmalar taqiqlanadi (masalan, avval narxni oshirib, so‘ng “chegirma” qilib ko‘rsatish). “Oldingi” narx haqiqiy va hujjatli bo‘lishi shart.
Vazirlar Mahkamasining “Chakana savdoda aksiyalar va chegirmalarni tashkil qilish, o‘tkazish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonda chakana savdo qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan ishlab chiqilgan loyihada quyidagi talablar belgilangan:
- chegirma narxi faqat so‘nggi 30 kun ichida amalda bo‘lgan eng past narxdan kelib chiqqan holda belgilanishi shart;
- aksiyalar haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga kamida 10 kun oldin taqdim etilishi lozim;
- sun’iy ravishda narxni oshirib, keyin arzonlashtirib ko‘rsatish man etiladi;
- sotuvchilar aksiya va chegirmalar to‘g‘risida aniq, to‘liq va tushunarli ma’lumot taqdim etishlari kerak (amal qilish muddati, tovar turkumi, shartlar va h.k.);
- aksiya davomida chegirmalar, bonus va boshqa imtiyozlar amalda bo‘lishi ta’minlanishi lozim;
- tovarlar narxiga nisbatan chegirmalar aniq ko‘rsatilishi, iste’molchi so‘ragan taqdirda, avvalgi narxlar haqidagi ma’lumot taqdim etilishi shart.
Loyiha muhokamasi 5-iyulgacha davom etadi.
Izoh (0)