Daryo

CBS: Tramp Fordodagi uran boyitish markaziga zarba berishi mumkin 

Trampga Eronning eng yaxshi qo‘riqlanadigan yadroviy obyektiga zarba berishning xavfi va ehtimoliy foydasi haqida ma’lumot berilgan

2 daqiqa o‘qish7 224 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp qisqa vaqt ichida yadro quroli paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Eronning Fordodagi yadroviy obyektiga zarba berishi mumkin. Bu haqda CBS telekanali o‘z manbalariga tayanib, xabar bermoqda.

Foto: AP
“Fordoni ishdan chiqarish zarur, chunki u yerda nisbatan qisqa vaqt ichida qurol ishlab chiqarilishi mumkin”, deydi Trampning pozitsiyasidan xabardor manbalar.

Manbalarga ko‘ra, Trampga Eronning eng yaxshi qo‘riqlanadigan yadroviy obyektiga zarba berishning xavfi va ehtimoliy foydasi haqida ma’lumot berilgan. Ta’kidlanishicha, uning hozirgi fikri shuki, obyektni ishdan chiqarish kerak, chunki u yerda qisqa vaqt ichida qurol ishlab chiqarilishi mumkin.

Telekanalning qayd etishicha, Tramp amalga oshirilayotgan diplomatik sa’y-harakatlardan, xususan, juma kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchining Yevropa Ittifoqi vakillari bilan Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvidan xabardor.

Foto: AP

Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff yopiq formatda Eron rahbariyatining rasmiy buyrug‘i yo‘qligiga qaramay, mamlakat yadro quroliga ega bo‘lish arafasida turganini ma’lum qilgan.

Eron tashqi ishlar vaziri 20-iyun kuni Jenevada Yevropa davlatlari bilan muzokaralar o‘tkazilishini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ishtirok etadi.

Eron o‘zining atom loyihasida harbiy maqsad yo‘qligini ta’kidlamoqda. MAGATE bosh direktori Rafael Grossining aytishicha, agentlik inspektorlari IRI yadro quroli yaratish dasturini olib borayotganiga aniq dalillarni ko‘rmagan. CNN telekanali xabar berishicha, AQSH razvedka hamjamiyati AQSH prezidenti Donald Tramp va Isroil rasmiylarining bayonotlariga zid o‘laroq, islom respublikasi yadro quroli yaratishga intilmagan, deb hisoblagan.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida, Tehron so‘nggi bir necha yil ichida Isroilning xatti-harakatlariga qaramay, g‘oyat sabr-toqat va tinchliksevarlik namoyish etganini ta’kidlagan.

Isroil 13-iyunga o‘tar kechasi Eronning yadro dasturiga qarshi “Isyonkor sher" operatsiyasini boshladi. Bir sutkadan kam vaqt o‘tgach, Islom Respublikasi javob hujumini amalga oshirdi. Keyingi kunlarda Isroil va Eron o‘zaro zarba berishni davom ettirdi. Ikkala tomon ham ushbu hujumlar natijasida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar borligini ma’lum qildi, o‘z hududlaridagi bir qator obyektlarga zarba yetkazilganini tan oldi, ammo yetkazilgan zarar cheklangan ekanini ta’kidladi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar