Daryo

“Isroil hukumati AQSH jamoatchilik fikrini chalg‘itishga uringan” — Jey Di Vens

AQSH vitse-prezidenti Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha imzolangan tinchlik kelishuvi ortidan ikki ittifoqchi davlat munosabatlarida kelishmovchilik yuzaga kelganini aytdi.

2 daqiqa o‘qish9 997 ko‘rishlar0 izoh12

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Isroil hukumati a’zolari Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi urushni yakunlashga qaratilgan kelishuvga qarshi chiqish uchun Amerika jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga uringanini aytdi. Bu haqda u 25-iyul kuni e’lon qilingan Jo Roganning podkastida ma’lum qildi.

Kelajakda prezidentlikka potensial nomzod sifatida ko‘rilayotgan Vensning bu bayonoti ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchilik kuchayib borayotganidan dalolat bermoqda. Vitse-prezident iyun oyida Eron bilan urushni yakunlash bo‘yicha imzolangan kelishuvni himoya qildi. AQSH va Isroildagi tanqidchilar esa ushbu kelishuvni qattiq qoralagan.

Ularning fikricha, hujjat Eronning raketa dasturini jilovlay olmaydi va yadroviy inshootlarni yo‘q qilish uchun aniq reja taqdim etmaydi. Shuningdek, u Isroilning Livandagi “Hizbulloh” jangarilariga qarshi urush olib borish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.

“Isroil hukumati tarkibida bizni ushbu siyosatdan qaytarishga urinayotgan odamlar borligini aniq bilaman. Chunki ular harbiy harakatlarni davom ettirishni istaydi”, dedi Vens.

U Isroil hukumatining ayrim a’zolari bilan yaxshi munosabatda ekanini, biroq tizim ichida urushni cheksiz davom ettirish uchun Amerika jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilayotgan shaxslar borligini qo‘shimcha qildi. Vensning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab davlatlar, jumladan ittifoqchilar ham, raqiblar ham AQSH siyosatiga ta’sir o‘tkazishga harakat qiladi.

“Isroil yoki Rossiyaning bunga urinayotgani meni xavotirga solmaydi. Bu shunchaki 2026-yilda siyosiy yetakchi bo‘lishning odatiy ko‘rinishidir”, dedi u.

Biroq vitse-prezidentni bu kabi ta’sir kampaniyalari Amerikaning siyosiy qarorlariga ta’sir qila boshlagani tashvishga solishini bildirdi. Iyun oyida Vens Isroilga beriladigan milliardlab dollarlik AQSH harbiy yordamini eslatib, Eron kelishuvi bo‘yicha Isroil tanqidchilariga keskin javob qaytargan edi. O‘shanda u Donald Tramp Isroilning yagona ittifoqchisi ekanini aytgan.

Isroilning ismi oshkor etilmagan yuqori lavozimli mulozimlari esa kelishuv shartlari Tel Aviv uchun yomon ekanini ta’kidlamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu fikr butun Isroil rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, chunki kelishuvda Eronning yadroviy va ballistik raketa dasturlari bo‘yicha xavotirlar hisobga olinmagan.

Isroil ta’siri bo‘lmaganida ham, AQSH Eronga qarshi hozirgi urushga kirishgan bo‘larmidi, degan savolga Vens “Ha, shunday deb o‘ylayman”, deya javob berdi.

“O‘ylaymanki, prezident Isroilning har qanday ta’siridan qat’iy nazar, Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligiga qat’iy ishonadi va men bu fikrga qo‘shilaman”, dedi vitse-prezident.

Ayni paytda Tramp Eron orollariga qo‘shin yuborishni muhokama qilayotgani xabar qilindi. Ehtimoliy nishonlar orasida Xarg oroli ham bor. Bu yerda Eron neft va neft mahsulotlari eksportining 90 foizini ta’minlaydigan terminal joylashgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar