Daryo

Erdo‘g‘on Trampning falastinliklarni ko‘chirish rejasini tanqid qildi

Turkiya prezidenti “hech kimning falastinliklarning o‘z vatanidan quvg‘in qilishga haqqi yo‘q”ligini ta’kidladi

2 daqiqa o‘qish8 476 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp butun G‘azoni buzib tashlash va falastinliklarni u yerdan ko‘chirish rejasi haqida gapirgandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mazkur rejani tanqid qildi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.

Foto: AFP

Istanbuldagi Otaturk aeroportida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Erdo‘g‘on G‘azo aholisini o‘z vatanidan chiqarib yuborishga hech kimning haqqi yo‘qligini ta’kidladi.

“Isroil administratsiyasi tinchlikni doimiy qilish o‘rniga yanada makkorroq va shafqatsizroq rejalar tuzmoqda... Amerika ma’muriyatining sionist lobbilar ta’siri ostida G‘azo masalasida kun tartibiga qo‘ygan takliflari, bizningcha, e’tibor va muhokamaga loyiq emas. Ular mutlaqo bema’ni...
Hech kim G‘azo aholisini ularning ming yillik abadiy va o‘zgarmas vatanidan quvib chiqarishga qodir emas. G‘azo, Iordaniya daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan Falastin faqat falastinliklarga tegishli”, dedi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘on G‘azo sektorini o‘z xalqidan ajratishga qaratilgan har qanday urinishlar, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, muvaffaqiyatsizlikka uchrashini bildirdi. Turkiya prezidenti mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotga erishish uchun vaziyatni keskinlashtirish emas, balki falastinliklar huquqini tan olish kerakligini aytdi.

Tramp: “AQSH G‘azo sektorini boshqaradi”

AQSH prezidenti  G‘azo sektorini “snos” maydonchasi deb atagandi. U anklav aholisini turli mamlakatlarga, jumladan, Iordaniya va Misrga ko‘chirib o‘tkazish mumkinligini aytgan. U Qo‘shma Shtatlar bu jarayonni moliyalashtirmasligi, chunki xarajatlarni qoplashga Yaqin Sharq davlatlarining qurbi yetishini ta’kidlagandi. Vashington esa mintaqadagi ishlar uchun javobgar bo‘ladi va zarurat tug‘ilganda u yerga o‘z qo‘shinlarini yuborishi mumkinligini aytgan.

Ushbu taklifga javoban arab davlatlari yetakchilari AQSH davlat kotibiga maktub yo‘llab, falastinliklarni chiqarib yuborishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, buni nafaqat xalqaro huquqning buzilishi, balki mintaqaviy xavfsizlikka tahdid deb atagan.

Boshqalar qanday munosabatda?

Saudiya Arabistoni hukumati o‘z bayonotida falastinliklarni o‘z yerlaridan siqib chiqarishga qaratilgan har qanday urinishlarni qabul qilmasligini ta’kidlab, Falastin davlati tuzilmagunicha Isroil bilan munosabat o‘rnatmasligini e’lon qildi.

HAMAS Trampning G‘azodagi falastinliklarni chiqarib yuborishga chaqirgan da’vatlarini qoralab, ularni “o‘z yeridan quvish” deb atadi.

Avstraliyaning mahalliy aholisi vakili bo‘lgan siyosatchi Lidiya Torp Trampning G‘azoni “egallash” haqidagi fikrlarini “etnik tozalash va mustamlakachilikning ochiq chaqirig‘i” deb baholadi.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti o‘tgan yilning noyabr oyida Xalqaro jinoiy sud (XJS) Netanyaxuni qamoqqa olish uchun order bergan bo‘lsa-da, uni qamoqqa olmasdan, AQSH “xalqaro odil sudlovga nisbatan nafratini namoyish etayotganini” bildirdi.

AQSHda bir qator demokratlar Trampning rejasini tanqid qildi, demokrat senator Kris Merfi esa AQSHning G‘azoga bostirib kirishi minglab amerikalik askarlarning halok bo‘lishiga va Yaqin Sharqda o‘n yillab davom etadigan urushga olib kelishini ta’kidladi.

AQSH yetakchisi G‘azoni “o‘lim va vayronagarchilik ramzi” deb atagan va odamlarning u yerga qaytishni istashining yagona sababini ularning boshqa boradigan joyi yo‘qligi bilan izohlagan.

 

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar