Daryo

Iordaniya qiroli Trampga G‘azodan 2 ming bolani olib ketishga va’da berdi

AQSH prezidenti falastinliklarni o‘z vatanidan ko‘chirish “tinchlik olib kelishi”ni da’vo qilmoqda

2 daqiqa o‘qish5 138 ko‘rishlar0 izoh0

Iordaniya qiroli Abdulla II AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda G‘azo sektoridan 2 ming nafar bolani olib ketishini aytdi. Bu haqda New York Post xabar berdi.

Foto: WAFA

Davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv 11-fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Tramp G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish rejasi doirasida Iordaniya qirolini ularni qabul qilishga chaqirdi. AQSH prezidenti falastinliklarni ko‘chirish va sektorni “Yaqin Sharq daryosi”ga aylantirish g‘oyasidan voz kechmasligini aytdi.

“Biz bu (joyni) qo‘lga kiritmoqchimiz. Uni saqlab qolib, qayta tiklashni rejalashtirmoqdamiz. Oxir-oqibat, Yaqin Sharqdagi odamlar uchun ko‘plab ish o‘rinlarini yaratmoqchimiz”, dedi Tramp va o‘z rejasi mintaqaga “tinchlik olib kelishini” da’vo qildi.

Iordaniya qiroli suhbatda ahvoli og‘ir va jiddiy kasallikka chalingan falastinlik bolalarni qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

Foto: Getty Images
“Hozir qila oladigan ishlarimizdan biri — saraton kasalligiga chalingan yoki juda og‘ir ahvolda bo‘lgan 2000 bolani imkon qadar tezroq Iordaniyaga olib ketishdir”, dedi Abdulla II.

AQSH prezidenti bunday qaror uchun minnatdorlik bildirdi. Trampning ta’kidlashicha, Iordaniya va Misr oxir-oqibat G‘azodan ko‘chirilgan aholini qabul qilishga rozi bo‘ladi. Ikkala davlat ham iqtisodiy va harbiy yordam borasida Vashingtonga tayanadi.

“Bizda Iordaniyada yer uchastkasi bo‘lishiga ishonaman. Misrda ham yer uchastkasi bo‘lishiga ishonaman. Boshqa joylar ham bo‘lishi mumkin, lekin muzokaralarimiz yakunlangandan so‘ng, ular juda baxtli va xavfsiz yashaydigan joyga ega bo‘lamiz deb o‘ylayman”, deb tushuntirdi Tramp.

U Iordaniyaga ko‘rsatilayotgan yordamdan tahdid sifatida foydalanmoqchi emasligini aytdi.

“Biz Iordaniyaga va, aytgancha, Misrga ham katta miqdorda mablag‘ sarflamoqdamiz. Ammo bu bilan tahdid qilishni zarur deb hisoblamayman. Menimcha, biz bundan yuqoriroq darajadamiz”, dedi AQSH prezidenti.

Tramp: “AQSH G‘azo sektorini boshqaradi”

AQSH prezidenti G‘azo sektorini “snos” maydonchasi deb atagandi. U anklav aholisini turli mamlakatlarga, jumladan, Iordaniya va Misrga ko‘chirib o‘tkazish mumkinligini aytgan. U Qo‘shma Shtatlar bu jarayonni moliyalashtirmasligi, chunki xarajatlarni qoplashga Yaqin Sharq davlatlarining qurbi yetishini ta’kidlagandi. Vashington esa mintaqadagi ishlar uchun javobgar bo‘ladi va zarurat tug‘ilganda u yerga o‘z qo‘shinlarini yuborishi mumkinligini aytgan.

Ushbu taklifga javoban arab davlatlari yetakchilari AQSH davlat kotibiga maktub yo‘llab, falastinliklarni chiqarib yuborishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, buni nafaqat xalqaro huquqning buzilishi, balki mintaqaviy xavfsizlikka tahdid deb atagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar