Yaqin Sharqdagi eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lgan G‘azo sektori bugun xalqaro diplomatiya va geosiyosiy raqobatning markaziy nuqtasiga aylandi. Urushda vayron bo‘lgan hududni qayta tiklash, tinchlikni ta’minlash va mintaqada barqarorlikni o‘rnatish masalasi dunyoning yirik davlatlarini bevosita o‘ziga qaratmoqda. Shunday bir sharoitda Turkiyaning G‘azoga o‘z harbiylarini joylashtirish tashabbusi, nafaqat gumanitar missiya, balki siyosiy ramz sifatida ham katta ahamiyat kasb etmoqda.
Biroq bu tashabbus Isroil tomonidan keskin rad etilmoqda. Tel-Aviv Turkiya askarlarining G‘azoga kirishini o‘z xavfsizlik siyosatiga tahdid deb bilmoqda. Shu bilan birga, AQSHning Turkiyani Yaqin Sharqdagi jarayonlarda muhim o‘yinchi sifatida ko‘rishi ham Isroil manfaatlari bilan to‘qnash kelmoqda. Natijada G‘azo sektori nafaqat tiklanish jarayonining markaziga, balki diplomatik qarama-qarshiliklar maydoniga aylandi. Quyida Turkiya va Isroilning G‘azodagi yashirin raqobati haqida so‘z yuritilamiz.
Turkiya uchun G‘azo nega muhim?
Joriy yilning 13-oktyabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahrida o‘tkazilgan G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralarida Turkiya “muhim davlat” sifatida sahnaga chiqdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an tinchlik dekloratsiyani AQSH prezidenti Donald Tramp, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Qatar amiri bilan birga imzoladi. Bu Anqaraning mustaqil mintaqaviy o‘yinchi maqomini yanada mustahkamladi.
Turkiyaning G‘azo bo‘yicha diplomatik faoliyati — bu nafaqat tashqi siyosat, balki ichki siyosiy imijni tiklash vositasi hamdir. Prezident Rajab Toyyib Erdog‘anning xalq orasidagi obro‘si so‘nggi yillarda iqtisodiy inqiroz, inflyatsiya va siyosiy tanqidlar fonida sezilarli darajada pasaydi. Anqaraning Yaqin Sharqda, xususan G‘azo bo‘yicha muzokaralarda faol ishtirok etishi — Erdog‘anni “islom dunyosining himoyachisi” sifatida ko‘rsatadi va xalq ko‘z o‘ngida “islomiy mas’uliyatni ado etayotgan rahbar” qiyofasida gavdalantiradi.
Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis, siyosatshunos Habibullo Azimov “Daryo” jurnalisti bilan suhbatda Turkiyaga G‘azo nima uchun muhim ekanligini tushuntirar ekan, shunday dedi:
“G‘azoga nima uchun askarlar joylashtirilmoqda? Bundan ko‘zlangan birinchi maqsad – Gʻazoda xavfsizlikni taʼminlash. Ikkinchisi – kelishuvning ikkinchi bosqichini nazoratga olish. Chunki ikkinchi bosqichda HAMAS’ni qurolsizlantirish masalasi bor. Ya’ni, boshqa mamlakatlarning harbiylarini G‘azo sektoriga kiritish orqali – qurolsizlanish masalasini nazoratga olish ko‘zlangan.
G‘azoga qo‘shin kiritish geosiyosiy nuqtayi nazardan Turkiya uchun juda ham muhim. Chunki AQSH prezidenti Donald Tramp Turkiya rahbari Erdog‘an bilan munosabatlarni juda ham iliq darajaga olib chiqqan. Erdog‘an ham Falastin xalqining doim oldida ekanligini o‘z chiqishlarida aytib keladi.
Ikkinchi tarafdan olib qaraydigan boʻlsak, oxirgi paytlarda Turkiyada Erdog‘anning siyosatiga nisbatan baʼzi bir qatlamlarda norozilik kayfiyatlari shakllangan. Jumladan, “Arab bahori”dan keyin migratsiya siyosati yoki boʻlmasa, inflyatsiya bilan bogʻliq masalalar Turkiya fuqarolari ichida Erdogʻanning siyosiy imijiga qaysidir maʼnoda salbiy taʼsir oʻtkazdi.
Agar Gʻazoga askar kiritish bilan bog‘liq jarayonda Turkiya ishtirok etadigan bo‘lsa, oʻz-oʻzidan bu Erdogʻan uchun ham juda katta yutuq bo‘ladi. Bu uning siyosiy partiyasining imiji mamlakat ichida yana oshishiga sabab bo‘ladi.
Va uchinchi tarafdan oladigan boʻlsak, Turkiyada AFAD (Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi – tahr.) kabi tashkilotlar bor. Bu tashkilot juda ham keng qamrovli. Mana bu kabi omillar Gʻazoni qayta tiklash va u yerda tinchlikni oʻrnatish kabi masalalarda aynan Turkiya uchun muhim, deb oʻylayman”.
Isroil nimadan qo‘rqmoqda?
So‘nggi ikki yil ichida Turkiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Anqara Isroil hukumatini G‘azoda genotsid sodir etayotganlikda ayblagan, Erdog‘an esa Netanyaxuni “G‘azo jallodi” deb atagan va HAMASni “ozodlik harakati” deb ta’riflagan.
O‘z navbatida, Isroil rasmiy Anqarani HAMAS a’zolari va ularning oilalariga boshpana berganlikda ayblab keladi. Biroq Turkiya Isroilning bu ayblovlarini rad etib, HAMASning mamlakatda hech qachon rasmiy ofisi bo‘lmaganini bildiradi.
Turkiya Gʻazo sektoriga askar joylashtirsa, bu Isroilga qanday xavf-xatarlarni vujudga keltirishi mumkin?
“Birinchi navbatda, Isroil Turkiyaga ishonmaydi. Bo‘lib ham bugungi Turkiyaga ishonmaydi. Toʻgʻri, Turkiya musulmon mamlakatlardan ilk oʻlaroq Isroilni mustaqil davlat sifatida tan olgan davlat. Lekin Erdogʻan davrida Turkiya-Isroil munosabatlari, aynan Gʻazo bilan bogʻliq muammolar, hattoki musulmonlar uchun ham, yahudiylar uchun ham, xristianlar uchun ham bir muqaddas shahar boʻlgan Quddus bilan bogʻliq masalalar natijasida nihoyatda yomonlashdi.
Erdogʻan HAMASni oʻz ozodligi uchun kurashayotgan bir guruh sifatida taʼriflaydi va unga yaxshi, iliq munosabatda. Bir paytlar kerak boʻlsa, uning siyosiy byurosiga Istanbul mezbonlik ham qilgandi. Bundan tashqari, bu hudud Turkiya uchun begona emas. Turklar bu yerda qutqaruvchi sifatida kutib olinishi mumkin. Aynan shu omil tufayli Isroil va Netanyaxu Turkiyaning G‘azoga kirishini istamayapti. Shu bilan birga, Erdogʻan o‘z chiqishlarida Isroil hukumati Gʻazoda genotsid olib borayotganligini aytib, Isroil bosh vazirini “G‘azo jallodi” deb atagan edi.
Turkiya G‘azo sektoriga o‘z qo‘shinlarini kiritsa, buni aholi g‘alaba sifatida ham qabul qilishi mumkin. 1917-yilda Angliya Usmonli imperiyasini mag‘lubiyatga uchratib, Quddusni egallaganida, ingliz generali Allenbi: “Salb yurishlari endi oʻz nihoyasiga yetdi” degan edi. 1917-yildan to bugungi kungacha boʻlgan davrga qaraydigan boʻlsak, yaʼni Usmonli nazoratidan chiqqandan keyin Falastin va Yaqin Sharqdagi muammolar o‘z yechimini topmadi. Va bu yerdagi xalq bugun juda yaxshi tushunadiki, G‘azoda Turkiya askarlarining mavjudligi qaysidir maʼnoda xavfsizlikni kafolatlaydi”, — dedi siyosatshunos.

Tramp Netanyaxuni jilovlamoqchimi?
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham yaqinda Isroilga tashrifi chog‘ida Turkiya hozircha Yaqin Sharq mojarosini hal etishda “konstruktiv rol” o‘ynayotganini va bu yo‘nalish davom etishi kutilayotganini ta’kidladi.
Bu yondashuv AQSHni ma’lum ma’noda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati bilan qarama-qarshi pozitsiyaga olib chiqmoqda. Chunki Netanyaxu va uning vazirlari Erdog‘an va Turkiya haqida ancha salbiy fikrda.
Habibullo Azimovning fikriga ko‘ra, AQSH Turkiyani G‘azo masalasiga jalb etish orqali – haddidan oshib ketgan Isroilga ma’lum darajada siyosiy bosim o‘tkazishni ko‘zlagan bo‘lishi ham mumkin.
“Donald Tramp hokimiyatga kelganda, Isroilning Gʻazo sektorida olib borayotgan siyosatidan AQSH fuqarolarining juda koʻpchiligi norozi edi. Va Tramp bu urushni to‘xtataman, degan chiqishlar bilan prezidentlik kursisiga keldi. Trampning Netanyahusiz mintaqada, aynan Gʻazo sektorida tinchlikni oʻrnatishga qaratilgan dasturlari bor edi. Ammo yahudiy lobbisi sababli AQSH prezidenti bu jarayonga Netanyahuni ham jalb qilishga majbur bo‘ldi. Biroq Trampning tashabbuslari Netanyahu tomonidan rad qilindi. Bunga javoban AQSH rahbari Turkiya prezidenti bilan yaqinlashdi. Bu esa bevosita Isroil bosh vaziriga siyosiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bugun Amerika bu yerda yaxshi “boss” rolini o‘ynamoqchi va qolganlarni nazorat qilmoqchi. Bu orqali u mintaqadan minimal darajada zararsiz chiqishni istamoqda”, – dedi siyosatshunos.

Turkiya G‘azoda ta’sir doirasini kengaytirmoqchi, lekin Isroil bunga tish-tirnog‘igacha qarshi chiqmoqda. Bu qarama-qarshilik oxir-oqibat nima bilan tugashi mumkin?
“Ikki o‘rtadagi bu qarama-qarshilik Misrda tuzilgan tinchlik kelishuvini biroz so‘roq ostiga qo‘ymoqda. Bugun AQSH hukumatida Isroilga moyil bo‘lgan kuchlar juda ham ko‘p. Ya’ni, bu borada AQSHning o‘zida ichki bo‘linish bor. Agar turk askarlarini joylashtirish bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, tinchlik kelishuvining keyingi taqdiri soʻroq ostida qoladi. Va yana G‘azoda qurolli to‘qnashuvlar boshlanib ketishi mumkin.
Bugun qaysidir maʼnoda HAMASni Isroil bilan kelishishga, uni muzokaralar stoliga jalb qilgan davlat – bu Turkiya. Agar Turkiya o‘yindan chiqarilsa, HAMAS bilan Isroil oʻrtasida yangi qarama-qarshilik boshlansihi mumkin. Nazarimda, Turkiya AQSH bilan G‘azoga tinchlikparvar kuchlarni kiritish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ammo Isroil hukumati bu yerda Turkiya bayrog‘ining hilpirashini o‘zlari uchun haqorat sifatida ko‘radi”.
Xulosa qilib aytkanda, G‘azodagi sulh hanuz noaniq va mo‘rt. Ayni vaqtda Anqara asosan Suriya masalasiga e’tibor qaratmoqda, biroq u G‘azoda ham muhim o‘yinchi maqomini saqlab qolishni istaydi. Tabiiyki, bu vaziyatda Isroil va Turkiya munosabatlari yanada keskinlashishi mumkin. Bu holat esa Yaqin Sharqda yana bir siyosiy portlashga zamin yaratishi ehtimoldan xoli emas.
Jurnalist Sardor Ali suhbatlashdi.








