Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer noqonuniy migratsiyani kamaytirish maqsadida mamlakatning barcha quruqlik chegaralarida vaqtinchalik nazorat o‘rnatishni buyurdi. Bu haqda DPA agentligi hukumat doiralaridagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, Germaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari bu qaror haqida Yevrokomissiyani xabardor qilgan. Noqonuniy migratsiyani cheklashdan tashqari, bunday harakatning sabablari ichki xavfsizlikni terrorizm va transchegaraviy jinoyatlar tahdididan himoya qilishni ham o‘z ichiga oladi.

“O‘tgan hafta Bundestagdagi konservativ Xristian-Demokratik va Xristian-Ijtimoiy Ittifoqi bloki va federal shtatlar vakillari bilan migratsiya masalalari bo‘yicha uchrashuvdan so‘ng, hukumat “mamlakatga kirishni rad etish modeli”ni ham ishlab chiqdi”, deb ta’kidlaydi DPA.
Germaniyaning quruqlikdagi chegarasida mamlakatga kirishni rad etishlar hozircha faqat ma’lum holatlarda — kirishga taqiq qo‘yilgan migrantlar yoki boshpana so‘rab murojaat qilmaganlar uchun qo‘llaniladi. Germaniya Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, oktyabr oyidan beri 30 mingdan ortiq odam chegaradan ortga qaytarilgan.
Izoh (0)