Samarqand viloyatida o‘zganing mulkini talon-toroj qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “U.m.” MCHJning buyurtmalarni tarqatish markazi administratori G.R. o‘zining moddiy javobgarligidagi 306,4 million so‘mlik maishiy texnika va uyali aloqa vositalarini buyurtmachilarga yetkazib bermasdan naqd pulga sotib, tadbirkorning juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryo viloyatining Oltinsoy va Termiz tumanlarida 11 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan MCHJ rahbarlari aniqlangandi. Shuningdek, Surxondaryo va Farg‘onada oilaviy korxonalar rahbarlari 1,2 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Izoh (0)