Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimiga Surayyo Rahmonovani sayladi va mazkur qaror Senatga yuborildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Surayyo Rahmonova 2000-yilda Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavr darajasini, 2002-yilda esa magistr dajarasini olgan. Dotsent (2015-yil), yuridik fanlar doktori (2018-yil), professor.
Surayyo Rahmonova 2018-yildan 2019-yil iyulga qadar Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy ma’lumotlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Shundan keyin u yangi lavozimga — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Axborot xizmatlari faoliyatini tashkil qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi Davlat boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i etib tayinlangandi.
2023-yil sentyabr o‘rtalarida Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi. U bola huquq va manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratayotgani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan.
Izoh (0)