Markaziy Osiyo davlatlari hamisha AQSHdan xususiy sektorda ko‘proq yordam, sarmoyalar va siyosiy quvvatlov so‘rab kelgan. Bu haqda “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomova “Daryo”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Navbahor Imomovaning taʼkidlashicha, Amerika hukumati davlat boshqaruvi bilan shug‘ullanadi va biznesga aralashmaydi.
“Amerika hukumati sarmoya qilmaydi. Chunki u sarmoya manbai emas. Amerika hukumati bu boshqaruv tizimi. AQSHda biznes xususiy sektor qo‘lida. Yaʼni O‘zbekiston yoki Qozog‘istonga pul kiritishni xususiy sektorning o‘zi xohlashi kerak. Ularning minimal talablariga javob bera olish lozim. Masalan, juda bo‘lmaganda, sud tizimlari hozirgidan sal mustaqilroq bo‘lishi, korrupsiya darajasi ancha pasayishi lozim. Yaʼni ertaga ular pul tiksa, biror muammo bo‘lsa, arz qilish va adolat izlay olishlari lozim. Kompaniyalar millionlab dollar sarmoya kiritib, kuyib qolishni istamaydi”, – dedi jurnalist.
Navbahor Imomovaning aytishicha, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Markaziy Osiyoga tashrifida avvalo, mintaqa mamlakatlari bir - biri bilan iqtisodiy jihatdan bog‘lanib olishlari kerakligini taʼkidlagan.
“Chunki tashqaridan kelayotgan katta kapitalist kuchlar yoki xususiy sektor vakillari faqat O‘zbekistonga sarmoya olib kirmaydi. Ular qo‘shni davlatlarga ham sarmoya olib kirishni xohlaydi. Regionda biznes qilishni istashadi. Taʼminot va transport tizimlari qanday ekanini surishtiradi. Transport tizimi faqatgina bir mamlakatning o‘zida cheklangan bo‘lishi mumkin emas. Masalan siz, Toshkentdan bemalol Bishkekka uchib bora olishingiz kerak. Bishkekdan Ostonaga, Ostonadan Dushanbega, u yerdan Ashxobodga. Lekin Markaziy Osiyoda hozirgacha ham poytaxtlar orasida to‘g‘ridan to‘g‘ri uchib yurish qiyin. Buni bir misol sifatida keltiryapman. Amerika korporatsiyalari Markaziy Osiyoda mana shunday fundamental muammolar bilan yuzlashadi. Shu bois ham Amerika bilan iqtisodiy hamkorlik sust”, – dedi “Amerika ovozi” muxbiri.
Jurnalist mavzuni tahlil qilar ekan, Qozog‘istonning Amerika bilan biznes hamkorligi bir yilda 30-40 foizga ortganini eʼtirof etdi.
“Bu nimaning hisobiga? Mamlakatga oz bo‘lsa ham kattaroq kompaniyalar kirgan. Markaziy Osiyo bo‘yicha Amerikaning asosiy energetik (neft) kompaniyalari va bizneslari Qozog‘istonda. Ular azaldan bor. Amerika hozir Qozog‘iston neftini jahon bozoriga chiqishini taʼminlab turishni xohlaydi”, – deya fikr bildirdi mutaxassis.
Avvalroq saytimizda AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifi tafsilotlarining tahlili e'lon qilingandi.