Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar qadog‘ida “R/500” yozuvi bo‘lgan “Paratsetamol” tabletkasini qabul qilishdan saqlanishlari, chunki ushbu dori tarkibida virus mavjudligi haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qildi.
Vazirlik mazkur ma’lumotlar haqiqatga zid ekanligini ta’kidlash barobarida, fuqarolardan har bir dori vositasi, xususan, “Paratsetamol” tabletkasini ham shifokor tavsiyasi asosida, tegishli ko‘rsatma bo‘lgandagina qabul qilish lozimligini eslatib o‘tgan.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ham bu borada munosabat bildirdi.
Agentlik matbuot xizmatining qayd etishicha, “Paratsetamol 500 mg” dori vositasi tarkibida “Machupo” deb ataluvchi virus mavjudligi haqidagi xabarlar 2021-yilda ham tarqalgan. O‘shanda agentlik buni rad etib, aynan shu mazmundagi xabarlar ilk marta angolaliklar tomonidan 2015-yilda o‘ylab topilganini, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinib, uydirma juda tez ommalashib ketganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, “Paratsetamol 500 mg” dori vositasi akkreditatsiyadan o‘tgan sertifikatlashtirish organlari tomonidan tegishli laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan mahsulot ekanligi va bu dori vositasining sifati borasida xavotirga tushmaslik kerakligi bildirilgan.
Izoh (0)