Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligidagi bezakli chiroqlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Hokimlik mazkur holatga izoh berar ekan, buni aholiga bayram kayfiyatini ulashish uchun qilingan ish dedi.
Dasturimizni Andijon viloyati yangiliklari bilan davom ettiramiz. Bu yangilik, emojilarga qaraganda, odamlarga yoqyapti. Ma’lumot uchun, Toshkentdagi prezident trassasiga ilingan shunday bezakli chiroqlar energiya inqirozi boshlanganidan beri o‘chiq, — deydi bu haqda fikr bildirgan jurnalist va bloger Muhrim A’zamxo‘jayev.
Bloger Nozim Safari esa buni “Isrofgarchilikning oliy darajasi”, dedi. Shuningdek, “Ko‘p ehtimol bilan tumanning aksariyat xonadonlarida ayni vaqtda ‘svet’ yo‘q. Hokimlik esa qimmatbaho va ko‘p energiya ‘yeydigan’ chiroqlar bilan bezatilmoqda. Qoyil qolmay iloji yo‘q bu ‘kallali rahbarlar’ga. Insof bersin sizlarga”, — deydi u.
Hokimlikning bu harakatiga munosabat bildirgan qo‘rg‘ontepaliklardan biri “Bolalarim dars qilishi kerak, biznikida ‘svet’ yo‘q, zato hokimiyatda bor”, desa, yana biri “Odamlarning uylarida ‘svet’ yo‘q, Sizlar hokimiyatni bezatib o‘tiribsizlarmi? Uyalmaysizlarmi?”, deydi. Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi esa “elektr va pul uvol”, deydi.
Mazkur voqea xususida yozgan Qitmir muxbir “Chekka-chekka hududlardagi aholi elektr tokisiz o‘tirgan paytda hokimlik binosida elektr toki borligini, to‘g‘rirog‘i ko‘pligini ko‘z-ko‘z qilyaptimi shunda? Hokimlik aholiga Yangi yil kayfiyatini ulashmoqda deya yaxshi gumonda bo‘laylik”, deydi.Ushbu dekorativ chiroqlar yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan aholining bayramona kayfiyatda bo‘lishini maqsad qiladi. Hokimlik binosidagi chiroqlarni o‘rnatish oldidan mutaxassislar energiya tejamkorligi masalasiga e’tibor qaratgan. Elektr sarfi jihatidan mazkur dekoratsiya 250 vatt quvvat sarflaydi va bu oddiy xonadondagi bitta chiroqning sarfidan kamroq. Shu taqdirda ham bu chiroqlar soat 18:00 dan 21:00 gacha yonib turishi rejalashtirilgan bo‘lib, aholining oilaviy sayr vaqtiga mo‘ljallangan. Boshqa vaqtlarda dekorativ chiroqlarni yoqish rejalashtirilmagan, — deydi hokimlik mas’ullari mazkur muhokamalarga javob berar ekan.
Bu borada hokimlik ishini oqlaganlar ham bor. Ulardan biri “Shunchalik bayramona kayfiyat ulashayotganlari uchun hokimimizga rahmat, tani-joni sog‘ bo‘lsin”, desa yana biri “Bayramona kayfiyat ulashayotgan tashkilotchilarga rahmat, bizning tuman ham Rossiyadan qolishmayapti, faqat ‘svet’ o‘chishini inobatga olmasak”, deydi. Boshqasi esa “Bo‘ladi-da, bayramona kayfiyat ham bo‘lishi kerak-ku”, deya hokimlik ishini olqishlaydi.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.