Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasining borishi ham ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, “Yashil makon” doirasida yil yakuniga qadar 75 million dona va 2023-yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yilgan.
O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20-oktabrdan 1-dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlik e’lon qilinadi.
Aholi xonadonlarida va dala chetlarida ko‘proq mevali daraxtlar va sabzavot ekishni faol targ‘ib qilishi kerakligi ta’kidlangan.
“Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim”, — deydi prezident.
Viloyat hokimlariga kuz mavsumida kam ta’minlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan mevali daraxtlar ko‘chatini bepul tarqatish topshirilgan.
Izoh (0)