Toshkent shahri Shayxontohur tumanida chet el valyutasini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Kichik Xalqa yo‘li ko‘chasida joylashgan savdo majmuasi atrofida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan S.X. fuqaro D.ga 4 500 dollarni jami 50,3 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Tadbir yakunida jami 7 900 dollar va 51,6 million so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.