Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida bemorlar uchun yig‘ilgan ehson pullari o‘zlashtirildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shu tumanda yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro T.N. ariza bilan murojaat qilgan. U bemor o‘g‘liga xayriya uchun Telegram kanallarida e’lon bergani, o‘zini “Dilshodbek Nodirbekov” deb tanishtirgan shaxs esa bemorlar uchun ehson pullarini yig‘ib, tarqatish bilan shug‘ullanishini aytib, aldaganini bildirgan. Ushbu shaxs fuqaroga 200 ming so‘m miqdordagi pullarni ehson tariqasida o‘tkazib bergan. Birozdan so‘ng u yana ko‘p miqdordagi pullarini ehson qilmoqchi ekanini aytib, fuqaro T.N.ning bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS-xabarni qo‘lga kiritib, jami 9 million 34 ming so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ehson pullarini o‘zlashtirgan shaxs Kegeyli tumanida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan N.B. ekani aniqlangan. N.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.