Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) taqdimnomasiga ko‘ra, kasb kasalligiga uchragan fuqaroga 191 million so‘mdan ortiq sug‘urta tovoni to‘lab berilmoqda. Bu haqda ombudsman axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, inson huquqlari bo‘yicha vakilga fuqaro B.I. sug‘urta shartnomasi bo‘lsa-da, sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Arizada ko‘rsatilishicha, u tog‘-kon metallurgiya sohasida 6 yil 10 oy davomida ishlab kelgan. Sog‘lig‘ining yomonlashgani, yo‘tal, ko‘krak qafasi, bo‘yin va beldagi kuchli og‘riqlar hamda kuchli zaiflik sababli tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Unga silikoz — bronx-o‘pka apparatining kasbiy kasalligi tashxisi qo‘yilgan.
Murojaatchi kasb kasalligini orttirib olgani fakti bo‘lsa ham, uning murojaati sug‘urta kompaniyasi xodimlari tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. Shundan so‘ng ombudsman tomonidan sug‘urta kompaniyasiga fuqaro B.I. sug‘urta shartnomasining yuridik kuchga ega bo‘lgan davrida kasb kasalligini orttirib olganiga yetarli asoslar borligi va shu nuqtayi nazardan shartnoma majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan.
Taqdimnoma natijalariga ko‘ra, fuqaro B.I. kasb kasalligini orttirib olgani sug‘urta hodisasi deb hisoblanib, unga jami 191 million so‘mdan ortiq sug‘urta tovoni to‘lanishi belgilandi.