Halimbekov Ibrohim Tursunovich Farg‘ona viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasiga yangi rahbar etib tayinlandi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Ta’kidlanishicha, Ibrohim Halimbekov mazkur lavozimga tayinlanguniga qadar “Ruxsor” teleradiokanali ijrochi direktori vazifasida ishlagan.
U 1973-yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Guliston davlat universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1995-yilda “Farg‘ona haqiqati” gazetasida boshlagan.
1997—2012-yillar davomida Farg‘ona va Andijon viloyat teleradiokompaniyasida rahbarlikkacha bo‘lgan mas’ul lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2012—2014-yillarda “O‘zbektelefilm” davlat unitar korxonasi direktori, 2014—2016-yillarda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, 2016—2019-yillarda “Dono” nashriyoti direktori bo‘lgan.