AOKAda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘mitaning 9 oylik faoliyati yuzasidan ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, 2022-yilning yanvar—sentabr oylarida brakonyerlik bo‘yicha 5 994 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan. Aybdorlarga nisbatan jami 8,2 milliard so‘m jarima va 7,9 milliard so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
9 oyda 358 877 tup daraxt va butalarni kesish, ko‘chirib o‘tkazish, butash bo‘yicha 5 806 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 2 321 ta murojaatda 52 mingdan ziyod daraxtni kesishga va 2 108 ta murojaatda 134 mingdan ziyod daraxtni kesishga rad javobi berilib, qariyb 307 ming tup daraxt saqlab qolingan.
Qayd etilishicha, atmosfera havosiga umumiy tashlanmalarning 1,295 million tonnasi (58,8 foiz) transport vositalari hamda 909 ming tonnasi (41,2 foiz) sanoat va ishlab chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 42 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonasida jami 165 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlash va yangilariga almashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Sanitar tozalash korxonalari tasarrufida 4 162 ta maxsus texnika vositasi, 4 142 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi, 18 899 ta chiqindi konteyneri, 195 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni mavjud. Davlat tomonidan tadbirkorlarga bitimlar asosida 1 339 ta maxsus texnika, 61 ta poligon, 670 ta chiqindi to‘plash shoxobchasi, 50 ta avtoturargoh, 4 648 ta konteyner biriktirib berilgan.