“Daryo” nashri 10-oktabrda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni e’tiboringizga havola etadi.
Kiyevda raketa zarbasidan 10 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Kiyevning Shevchenko tumanida raketa zarbasi oqibatida 10 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, yana 10 lab tinch aholi vakili yaralandi. Bu haqda Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnov ma’lum qildi.
10-oktabr kuni ertalab Kiyevda va Dneprda bir necha marta portlashlar sodir bo‘ldi. Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharga zarbalar berilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketalardan biri Mixail Grushevskiy haykali yaqiniga tushgan, oqibatda shu yerdan o‘tib ketayotgan avtomobillar yonib ketgan.
Kiyevda metroning qizil tarmog‘idagi harakat to‘xtatilgan, hozirda metropolitenning barcha bekatlari fuqarolar uchun boshpana sifatida foydalanilmoqda. Shuningdek, Dneprda ham portlash ovozlari eshitilgan.Shaharda va viloyatda havo trevogasi e’lon qilingan.
Bundan tashqari, OAVlar Ukrainaning Xmelnitskiy, Jitomir, Lvov, Kremenchug, Krivoy Rog, Ternopol shaharlaridagi portlashlar haqida ham xabar bermoqda. So‘nggi marta Kiyev iyun oxirida raketa bilan o‘qqa tutilgandi. O‘shanda rossiyalik harbiylar shaharga 14 ta raketa tashlagan.
Putin Ukraina shaharlariga raketa zarbalari Qrim ko‘prigining portlatilishiga javob bo‘lganini aytdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, 10-oktabr kuni ertalab Ukraina shaharlarining o‘qqa tutilishi Kerch bo‘g‘ozidagi Qrim ko‘prigida sodir bo‘lgan portlashga javob bo‘lgan.Rossiya Xavfsizlik kengashining operativ yig‘ilishida so‘zga chiqqan prezident Qrim ko‘prigida sodir bo‘lgan voqeani “Rossiyaning fuqarolik, muhim infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan terakt” deb ta’rifladi. U qo‘poruvchilikni tashkillashtirishda Ukraina maxsus xizmatlarini aybladi.
Kiyev rejimi o‘z harakatlari orqali o‘zini xalqaro terroristik tuzilmalar, eng jirkanch guruhlar bilan bir darajaga qo‘ydi. Bunday jinoyatlarni javobsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bugun ertalab Mudofaa vazirligi taklifi va Rossiya Bosh shtabining rejalariga ko‘ra, havo, dengiz va quruqlikdagi qurollar yordamida Ukrainaning energetika, harbiy qo‘mondonlik va aloqa vositalari obyektlariga yuqori aniqlikda yirik zarba berildi. Hududimizda teraktlarni amalga oshirishga urinishlar davom etsa, Rossiyaning javoblari keskin va miqyos jihatdan Rossiya Federatsiyasi darajasiga mos bo‘ladi, — dedi Vladimir Putin.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 10-oktabr tongida Rossiya qo‘shinlari Ukraina shaharlariga 80 dan ortiq raketa tashlagan, ularning yarmi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan.
Zelenskiy Shols bilan G7 mamlakatlarining shoshilinch yig‘ilishini chaqirishga kelishib olganini aytdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Germaniya kansleri Olaf Shols uning iltimosiga ko‘ra zudlik bilan G7 (katta yettilik) guruhi mamlakatlari yig‘ilishini chaqirmoqchi.
“G7 ga raislik qilayotgan Germaniya kansleri Olaf Shols bilan guruhning shoshilinch yig‘ilishi bo‘yicha kelishib oldik”, — deb yozdi Ukraina rahbari Twitter’da. U Germaniya hukumati rahbari bilan telefon orqali suhbatlashgan. Zelenskiyning aytishicha, uchrashuvda uning nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. “Biz Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish va (Ukrainadagi) zararlangan infratuzilmalarni tiklashga yordam masalasini ham muhokama qildik”, — deya qo‘shimcha qilgan Ukraina prezidenti.
Samarqandda 5 farzandning onasi o‘z joniga qasd qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida 5 farzandning onasi osib o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini bildirdi.
Aniqlanishicha, 3-oktabrdan 4-oktabr kuniga o‘tar kechasi Past Darg‘om tumanida yashagan 43 yoshli S.S. ota-onasi yashab kelayotgan uyning hovlisidagi daraxtga o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Mazkur holat yuzasidan Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Yo‘llardagi o‘limni kamaytirish uchun o‘zbek chinovnigi avariyaga yo‘liqishi, yaqinini qurbon qilishi lozim” — faollar Toshkentda sodir bo‘lgan dahshatli YTH haqida
Toshkent shahrining Muqumiy ko‘chasida 9-oktabr kuni tunda 4 ta transport vositasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Voqea aks etgan tasvirlardan ko‘rinishicha, katta tezlikda kelgan 30 yoshli R.M. boshqaruvidagi BMW avtomobili boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi to‘siqqa urilib, qarma-qarshi yo‘nalishdagi Nexia-3 avtomashinasining ustiga borib tushgan. Hodisa oqibatida Nexia-3 avtomashinasi haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur YTH tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va shaharsozlik uchun mas’ul bo‘lgan idoralarga nisbatan e’tirozlar ortdi.