Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni Samarqandda Xalqaro turizm markazi ochilish marosimida nutq so‘zlamoqda, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.
Bundan 3-4 yil oldin Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy turistlar soni 500 ming nafardan oshmas edi. Hozirgi kunda turizmni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimiz, qulay investitsiyaviy muhit yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarimiz tufayli Samarqandga kelayotgan xorijiy turistlar soni 2 barobar ko‘paydi.Bu marrani yanada yuqori olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Xususan, kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy turistlar sonini 1,5 milliondan oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Kelgusida bunday zamonaviy majmua Buxoro shahrida ham barpo etiladi. Bu kabi loyihalarni respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor.
Umuman olganda, ana shunday ishlarimiz tufayli kelgusi besh yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazamiz
Oldimizda katta-katta sanalar, yirik siyosiy, madaniy va ma’rifiy tadbirlar turibdi. Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik bayrami tobora yaqinlashib kelmoqda, — deydi prezident.
2024-yilda esa Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yig‘ilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham o‘tkaziladi.
Prezident so‘zining yakunida Samarqanddagi qurilishlarni amalga oshirishda mehnat qilgan barcha quruvchi va mutaxassislarga, tadbirkorlar va mutasaddi tashkilotlarga, chet ellik hamkorlarga, Samarqand ahliga, butun o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirgan.
Izoh (0)