Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Avvalo, ta’kidlash joiz, oxirgi besh yil davomida sud tizimida islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi bilan boshlangan o‘zgarishlar bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida ham davom etmoqda.

Biroq ularning natijadorligi qay darajada bo‘lyapti, sud tizimining haqiqatdan adolat qo‘rg‘oni bo‘lishiga nimalar xalaqit beryapti, qanday muammolar saqlanib qolmoqda, degan o‘rinli savol bugun kun tartibidagi eng dolzarb masala, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Hozir davlatimiz siyosatining asosiy maqsadi, yo‘nalishi – inson qadrini ta’minlash, xalq roziligiga erishishga qaratilgan bo‘lib, o‘z-o‘zidan bu har bir davlat organining oldida turgan birlamchi vazifa sanaladi.

Umuman olganda, so‘nggi paytlarda sud organlariga nisbatan aholining haqli e’tirozlari haddan ziyod ko‘payib, fuqarolarimiz tomonidan ko‘plab adolatsizliklar yuzasidan shikoyatlar soni keskin ortib ketgan.

Masalan, qo‘llanilayotgan jazo choralarining adolatli emasligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab murojaatlarni o‘qiyapmiz. Albatta, sud qaroridan qaysi bir taraf baribir norozi bo‘lishi tayin, biroq bir xil huquqbuzarliklarga turlicha yondashuv yoki protsessual tartiblarning buzilishi kabi holatlar bunday noroziliklarni keltirib chiqarishi tayin.

Uzoqqa bormaylik, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan masala – 14 yoshli maktab o‘quvchisini kvartiraga olib borib, jinsiy aloqa qilishga undagan uch erkak muddatidan oldin ozodlikka chiqarilganligi jamoatchilikda norozilik keltirib chiqardi.

Yoki bo‘lmasa, sud protsessiga taklif etilgan shaxslarning, bular taraflar bo‘ladimi, ularning vakillari bo‘ladimi, jarayon boshlanishini uzoq vaqt kutib qolishlari, umuman belgilangan sud majlislari boshqa kunga qoldirilishi kabi byurokratik amallar ham saqlanib qolmoqda.

Odil sudlovni amalga oshirishdagi eng asosiy muammo sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, yuksak malakali, halol va pok vijdonli sud xodimlari korpusini shakllantirish, sudlarda ishlarni ko‘rish sifatini yanada oshirish bilan bog‘liqdir.

Xalq sudni faqat odamlarni qoralaydigan, jazolaydigan organ, deb emas, aksincha, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan organ, o‘zlarining himoyachisi, adolat posboni, deb qarashi lozim. Buning uchun sudlar qonundan og‘ishmay ish tutishlari, fuqarolarning manfaatlarini muhofaza etib, ularning buzilgan huquqlarini tiklab, bu yo‘ldan sobitqadamlik bilan qat’iy borishlari va shu asosda xalqning ishonchini qozonishlari zarur bo‘ladi.

Bu borada, sud organlari faoliyatining huquqiy asosini muttasil takomillashtirib borish zarur. Bunda, sud va sudyalarning hokimiyatni boshqa barcha tarmoqlaridan haqiqiy mustaqilligini, sud qarorlarini qabul qilishda faqat qonunga va vijdon amriga bo‘ysunishini ta’minlash lozim. Ushbu huquqiy asos, o‘z navbatida, demokratizmni, xolislikni, sudning hammabop bo‘lishini, sudning himoya doirasi kengayishini ta’minlashi zarur. Va nihoyat, bu huquqiy asos sud tizimiga nopok, poraxo‘r va tasodifiy kimsalar kirib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Sud tizimidagi yana bir og‘riqli muammo sifatida sudyalarning ish yuklamasini ko‘rsatishimiz lozim.

Institutim tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalarning yuklamalarini tahlil qilingan, shuni ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tsam.

Statistik ma’lumotlar respublikamizda mazkur sudlarda ko‘rilayotgan umumiy ishlar soni yildan yilga oshib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, fuqarolik sudlarida 2019 yilda 276 937 ta, 2020 yilda 291 132 ta, 2021 yilda jami 518 087 ta ishlar ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda (2022 yil 1 yanvar holatiga) tumanlararo fuqarolik sudlarida 267 ta shtat birligi bor, shundan 12 tasi vakant sifatida ko‘rsatilgan. Mos ravishda, bir nafar sudya bir kunda 5-8 ta ishni ko‘rib chiqadi.

Ma’lumot o‘rnida: Ish hajmi eng yuqori va eng kam bo‘lgan hududlarning ikkalasida ham ko‘rsatkichlar juda yuqori:Toshkent shahridagi FIB tumanlararo sudlarda 42 nafar sudya faoliyat yuritadi. Ular tomonidan 2021 yilda 78 mingga yaqin ish ko‘rilgan (bir sudyaga bir oyda 154 ta ish to‘g‘ri kelmoqda).

Sirdaryo viloyatidagi FIB tumanlararo sudlarida 9 nafar sudya ishlaydi. Ushbu sudlarda 2021 yilda 18 644 ta ish ko‘rilgan (bir sudyaga bir oyda 172 ta ish to‘g‘ri kelmoqda.)

Sudyalar soni va ko‘rib chiqilgan ishlar soni o‘rtasidagi mazkur nomuvofiq nisbat fuqarolik sudlarida moddiy va protsessual normalarning buzilishiga, fuqarolar huquq va manfaatlarining yetarli darajada ta’minlanmasligiga olib kelishi mumkin.Sudlarda ish hajmiga ta’sir ko‘rsatuvchi zamonaviy usullardan foydalanish holati qoniqarli darajada emas.

Bugungi kunda xorijiy mamlakatlarda sud-huquq sohasida ilg‘or islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar natijasida umumyurisdiksiya sudlarida, xususan, fuqarolik sudlarida ish hajmi sezilarli ravishda kamayib, ishlarni ko‘rishda yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Jumladan, sudlarda sun’iy intellektdan keng foydalanilmoqda, hattoki, ayrim davlatlarda sudlar yangi “Smart court” shakliga keltirilmoqda.

Ma’lumot uchun: 2017 yilda Xitoyda birinchi “internet-sud” o‘z faoliyatini boshlagan. Mazkur sud qabulxonada sud foydalanuvchilari uchun onlayn yuridik yordamni taklif qiladigan statik robotga, maxsus virtual sud zallariga, mustaqil ovozni farqlovchi “speaker”ga (stenograflar o‘rniga), hujjatlarni elektron shaklda topshirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, sud elektron tijorat, domen nomi bilan bog‘liq hamda onlayn kreditlar va mualliflik huquqi masalalari bo‘yicha nizolarni virtual tarzda hal qila oladi.

Xanchoudagi ushbu sud 2017 yilning boshidayoq an’anaviy sud majlislari vaqtining qariyb yarmida 10 000 dan ortiq nizolarni ko‘rib chiqqan.

Fuqarolik sudlarida sun’iy intellektdan keng foydalanish, onlayn sud jarayonlarini tashkil qilish orqali nafaqat ish hajmining kamayishiga, balki fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarining ham oldi olinishiga erishiladi.

Bundan tashqari, ayrim mamlakatlarda sudlarning og‘irini yengil qilish, yechimga erishilishi qiyin bo‘lgan masalalar yuzasidan yordam olish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi “amicus curiae” instituti joriy etilgan.

Ma’lumot uchun: “Amicus curiae” lotincha “sudning do‘sti” degan ma’noni bildiradi. Ko‘rib chiqilayotgan da’vo natijalaridan manfaatdor bo‘lmagan, da’vo taraflaridan birini qo‘llab-quvvatlovchi yoki unga qarshi bahs yurituvchi yoki ma’lumot taqdim etuvchi taraf bo‘lmagan shaxs ish uchun ahamiyatli ma’lumotlarni sudga yetkazish orqali sudga yordam bera oladi. “Sudning do‘sti” sudga taqdim etadigan ma’lumotlar ikki xil bo‘lishi mumkin: faktik va qonuniy. Ko‘pgina hollarda “amicus curiae” sud e’tiborini tomonlar taqdim etmagan dalillar yoki ma’lumotlarga, masalan, ma’lum bir sud qarorining ayrim uchinchi shaxslar manfaatlariga ta’siriga qaratishga harakat qiladi.

Sudga qadar va sud jarayonida yuqoridagi va boshqa qator zamonaviy yondashuvlardan foydalanish, raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish fuqarolik sudlarda ish yuklamasining kamayishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda, Tadqiqot instituti tomonidan joriy yilning iyun oyida “Sud-huquq sohasini raqamlashtirishning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilgan edi. Konferensiya faqat konferensiyaligicha qolgani yo‘q albatta, tadbir natijasida sohani raqamlashtirishga oid aniq takliflarni ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga taqdim etdik.Xususan, sud tizimini raqamlashtirish bo‘yicha quyidagi takliflar berildi:

– fuqarolarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, jinoyatlar, huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlarni ko‘rib chiqish uchun elektron shaklda murojaat qilish imkoniyatini yaratish;

– surishtiruv, tergov organlari, ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqishga vakolatli organlar va sudlarda elektron ish yuritish imkonini beruvchi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni joriy etish;

– sud ishlarini yuritish jarayonida prokuratura, surishtiruv, sudlar va jazoni ijro etuvchi organlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar o‘rtasida elektron tizimlarni integratsiyalash va axborot almashish;

– jinoyat, iqtisodiy, fuqarolik, ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda protsessual hujjatlarning yagona elektron shakllarini shakllantirish;

– davlat organlari faoliyatini raqamlashtirishning yagona davlat standartlari, jumladan, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash normalarini ishlab chiqish;

– sud majlislarining audioyozuvlarini va audioyozuvlarini tanib olishning elektron tizimini, shuningdek, sud majlislarining videoyozuvlarini yuritish mexanizmlarini joriy etish.

O‘ylaymizki, ushbu takliflarning realizasiya qilinishi sudlarda ish yuklamasini kamaytirish bilan birga fuqarolarimizning ham odil sudlovga erishishdagi muammolarini, ovoragarchiliklarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Yana bir masala, hozir aytib o‘tganlarim ichida sud majlislarining audioyozuvlarini yuritish taklifi yuzasidan to‘liqroq to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra ayni paytda Respublikada 665 ta sud zali audioyozuvdan foydalanish tizimi bilan, 385 ta sud zali esa videokonferensaloqa tizimlari bilan ta’minlangan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borishning ixtiyoriy tartibi joriy etilgan. Bundan kelib chiqadiki, bugun sudlarda ayrim holatlarda eski tizimdan foydalanish, ya’ni sud majlislarini bayonnomalarda qayd etib borish tizimi hamon davom etmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, hatto tajribali yordamchi ham sud majlisida bo‘lib o‘tayotgan va ish uchun muhim bo‘lgan barcha holatlarni yozib borish imkoniyatiga ega bo‘lavermaydi. Bu esa o‘z o‘zidan sudlanuvchi, jabrlanuvchi va sudda ishtirok etuvchi boshqa ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tushunarsiz, yuzaki bayon etilayotgani, hatto, sudya, prokuror, advokat tomonidan berilgan savollar ham bayonnomada o‘z aksini topmayotgan holatlarni yuzaga keltirishi ehtimoli yuqori.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda sud majlisi audioyozuvini majburiy olib borish tartibini joriy etish, manfaatdor shaxslarning murojaatiga asosan sud majlisining audioyozuvlarini “E-XSUD” axborot tizimi orqali elektron taqdim etish tartibini yo‘lga qo‘yish, jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamda iqtisodiy sudlarni audioyozuvlarni matn shakliga o‘giradigan dasturiy ta’minot bilan ta’minlash taklif etilmoqda.

Xorijiy davlatlar tajribasiga qaralganda, Ispaniya, Gretsiya, Slovakiya, Ruminiya, Chexiya, Gruziya, Ukraina, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Belorussiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston jinoyat-protsessual qonunchiligida sud majlisini audioyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisini tashkil etishning majburiy sharti sifatida belgilangan.

Xo‘sh bu tizim qulayliklari nimalarda ko‘rinadi?

Birinchidan, sudlarda ishni ko‘rish vaqtida audioyozuvdan foydalangan holda sud majlisining yozib olinishi sudyaning ishni ko‘rish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytiradi va sud protsesslarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, sud majlisi bayonnomasini o‘zgartirib qo‘yish yoki uni yo‘qolib qolishi kabi salbiy holatlarga barham beradi, sud majlisi kotibining ish yuklamasini ham birmuncha yengillashtiradi, chunki sud majlisini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisida bo‘lib o‘tgan hodisalarni o‘zida to‘liq aks ettiradi.

Uchinchidan, sud protsessida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash imkoniyati oshadi, sud protsessida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni aniqlash osonlashadi hamda sud xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi oshadi.

To‘rtinchidan, sudya yordamchilarining ish hajmi keskin kamayadi, protsess ishtirokchilari sud majlisining audio yoki videoyozuvi bilan onlayn tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Qog‘oz bo‘yicha sudlarning sarf-xarajatlari keskin kamayishi va eng muhimi mamlakatning sud tizimi bo‘yicha amaliyoti Xalqaro reyting va indekslarda yuqori baholanadi.

Xulosa o‘rnida, ta’kidlash joizki, mamlakatda adolatli sudlovni amalga oshirish avvalo inson qadrini, uning sha’ni va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida xalq ishonchiga sazovor bo‘la olishi lozim.

Eldor MaxkamovAdliya vazirligi huzuridagiHuquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda noqonuniy yer oldi-sotdisi bo‘yicha rekord yangilanmoqda
Mahalliy
Namanganda Cobalt traktor tirkamasiga borib urilishidan ikki kishi halok bo‘ldi
Mahalliy
Ozarbayjon aviakompaniyasi Bokudan Samarqandga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi