Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Bollivud kino olamida shunday aktyor va aktrisalar borki, ular birga ishtirok etgan filmlar dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishgan va millionlab muxlislarning qalbini zabt etgan. Shunday juftliklardan biri Shohrux Xon va Kajol ijrosidagi filmlar tomoshabinlar tomonidan sevib ko‘riladi va suratga olinganiga bir necha yil bo‘lishiga qaramay yuqori reytinglarni zabt etib keladi. Quyida juftlik partnyorligidagi eng yaxshi filmlar beriladi.

Foto: “Yandex.ru”

Foto: “Yandex.ru”

“O‘g‘irlanmagan kelin” kinofilmi

Ushbu filmda Simran, ya’ni Kajol do‘stlari bilan sayohatga boradi va shu vaqt oralig‘ida unashtirilgan bo‘lishiga qaramay Raj ismli yigitni yoqtirib qoladi. Yigit ham uni yoqtirib qolganini aytganda Simran unga otasi bilan do‘st bo‘lgan insonning o‘g‘liga unashtirilganini aytadi. Qiz uyga qaytganidan keyin ham yigitni unutmaydi va barcha voqeani onasiga aytib beradi. Yigit ham o‘z sevgisi uchun kurashadi va qiz bilan uchrashadi. Qiz otasining yigit bilan turmush qurishiga qarshi ekanini bilib yigitga uni o‘g‘irlab ketishini aytadi. Raj rolini mahorat bilan o‘ynagan Shohrux Xon Kajolga otasining roziligisiz u bilan turmush qurmasligi haqida gapiradi. Qizning otasi barchasidan xabar topadi va yigitni uyidan haydab yuboradi. Ushbu filmning yakunida Kajolning otasi qizini majburlab boshqasiga bermasligini tushunib yetadi va qizining Raj bilan turmush qurishiga rozi bo‘ladi.

“Hayotda hamma narsa bo‘ladi” filmi

Shohrux Xon va Kajol ishtirokidagi “Hayotda hamma narsa bo‘ladi” filmida do‘stlik va muhabbat kabi insoniy rishtalar bir-biri bilan aloqador ekanini bilib olish mumkin. Filmda Shohrux Xon va Kajol kollejda birga o‘qiydigan qadrdon do‘stlar rolini ijro etadi. Anjeli va Rahulning hayotiga kollej direktorining qizi, ya’ni Tina kirib kelishi bilan barchasi o‘zgarib ketadi. Anjeli bolalar kabi sho‘x fe’l-atvorga ega qiz bo‘ladi. U Tina bilan tanishgandan keyin Rahulni sevib qolganini tushunib yetadi. Lekin Tina va Rahul o‘rtasida to‘siq bo‘lmaslik uchun kollejni tark etadi. Oradan yillar o‘tib, Tina Anjeli ismli qiziga vasiyat tarzida bir vaqtlar o‘z sevgisini qurbon qilgan dugonasi hamda Rahulni yarashtirishni so‘raydi. Film yakunida Rahul va Anjeli turmush quradi.

“Firibgar” kinokartinasi

Rejissor Abbas Burmavallaning 1993-yilda suratga olingan “Firibgar” kinofilmida Shohrux Xon ota-onasi, singlisi uchun oilasining barcha boyliklarini tortib olgan oiladan qasos olishga harakat qiladi. U buning uchun tashqi ko‘rinishi, ismini o‘zgartiradi va otasining boyligini tortib olgan insonning ikki qizidan qasd olishga harakat qiladi. Oilasining boyliklarini tortib olgan insonning katta qizini aldab yuradi va keyin uni o‘ldiradi. Qiz vafot etganidan keyin aktyor uning singlisi rolini ijro etgan Kajol bilan turmush quradi. Oradan vaqt o‘tib Kajol Shohrux Xonning barcha jinoyatlarini bilib qoladi va uning uyiga boradi. Shohrux Xon ham Kajolga otasining barcha jinoyatlarini aytib beradi.

“Goho shodlik, goho g‘am” filmi

Rejissor Karan Joharning 2001-yilda suratga olingan “Goho shodlik, goho g‘am” filmida Shohrux Xon kambag‘al oilaning qizi Kajolni yoqtirib qoladi. Uning otasi esa qizga uylansa, yigitning uydan ketishini va undan voz kechishini aytadi. Shohrux Xon qizga uylanadi va uyini tark etadi. Oradan bir necha yil o‘tib Shohrux Xonning ukasi uni uyga, ota-onasining oldiga qaytarishga harakat qiladi. Filmda uning ukasi rolini Bollivudning taniqli aktyori Ritik Roshan ijro etgan. Akasining uyiga borgan Ritik Roshan kelinoyisining singlisini, ya’ni Karina Kapurni yaxshi ko‘rib qoladi. Film yakunida Shohrux Xon ota-onasining uyiga qaytadi va kechirim so‘raydi.

“Mening ismim Xon” kinofilmi

Bu filmda Shohrux Xon ham, Kajol ham o‘zgacha fe’l-atvorga ega bo‘lgan obrazlarni gavdalantirgan. “Mening ismim Xon” kinokartinasida sevgi-muhabbat, Vatan tuyg‘usi va boshqa inson uchun zarur bo‘lgan umumbashariy tuyg‘ular ifoda etilganini ko‘rish mumkin. Ushbu film rejissor Karan Joharning eng muvaffaqiyatli filmlari qatoriga kiritildi, uning umumiy budjeti 12 million dollarni tashkil qildi. Kinokartinada hindistonlik musulmon Rizvon Xon San-Fransiskoga ko‘chib o‘tadi va ukasi, kelini bilan birga yashaydi. Asperger sindromidan aziyat chekkan Rizvon Mandirani sevib qoladi. Oilasining noroziligiga qaramay, ular turmush quradi va birgalikda kichik biznes boshlaydi. Ular 2001-yilning 11-sentabriga qadar, musulmonlarga munosabat keskin o‘zgarganiga qadar baxtli yashaydi. Mandira bu fojiadan eziladi, shu sabab ularning munosabatlari buziladi. Shundan keyin Rizvon Amerikaga boradi.

“Karan va Arjun” kinokartinasi

Aktyor, rejissor Rakesh Roshan tomonidan suratga olingan, 1995-yilda katta ekranlarga chiqqan “Karan va Arjun” kinofilmida Shohrux Xon va Kajol birgalikda rol ijro etgan. Jangovar va romantik yo‘nalishdagi ushbu filmda Salmon Xon, Amrish Puri, Mamta Kulkarni kabi Bollivud yulduzlari ham ishtirok etgan. Kambag‘al oilada voyaga yetgan Shohrux Xona Kajolni yaxshi ko‘rib qoladi, Kajolni esa majburlab boshqa yigitga turmushga berishmoqchi bo‘ladi. Shohrux Xon o‘z sevgisi yo‘lida ko‘plab qiyinchiliklarga duch keladi.

“Sevishganlar” filmi

Hindistonning mashhur rejissorlaridan biri Rohit Shetti tomonidan 2015-yilda suratga olingan “Sevishganlar” filmi Shohrux Xon va Kajol ishtirokidagi eng yaxshi filmlardan biri hisoblanadi. Filmda ular bir-biriga dushman bo‘lgan oilaning farzandlari rolini ijro etgan. “Sevishganlar” kinokartinasida Kajol Shohrux Xondan oltinlarni tortib olish maqsadida uni aldaydi, oltinlarni qo‘lga kiritgach esa Shohrux Xonni yoqtirib qolganini tushunib yetadi, aktrisa undan kechirim so‘raydi. Shundan keyin aktyor qizning otasi bilan ko‘rishishga qaror qiladi va uning oldiga boradi. Qizning otasi uni o‘ldirmoqchi bo‘ladi, biroq tasodifan otilgan o‘q o‘zini o‘ldiradi. Shu payt Kajol kirib keladi va Shohrux Xonning qo‘lida to‘pponchani ko‘rib otasini u o‘ldirgan deb o‘ylaydi va aktyorga qarata o‘q uzadi. Yigit tirik qoladi va qizga barchasini tushuntirmoqchi bo‘lganda unga qiz boshqa shaharga ko‘chib ketganini aytishadi. Oradan bir necha yillar o‘tib yigitning ukasi va qizning singlisi bir-birini yoqtirib qoladi. Kajol va Shohrux Xona yana qayta uchrashadi. Film yakunida Kajol va Shohrux Xon, shu bilan birga ularning ukasi va singlisi ham turmush quradi.

Mavzuga doir:

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?