Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida marhum “ishtirok etgan”, Rossiyada yurgan fuqaro imzosi soxtalashtirilgan saylov haqiqiy emas degan to‘xtamga kelindi. Bu haqda “Daryo”ga murojaatchi Arslon Mamatqulov xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi tumanlararo Ma’muriy sudi 2022-yilning 19-may kuni Koson tumanining “Yuksalish” mahallasida bo‘lib o‘tgan MFY raisligiga saylov natijalarini bekor qilib, saylovni haqiqiy emas degan to‘xtamga kelgan.
“2022-yilning 19-may kuni ‘Yuksalish’ mahallasida MFY raisligiga saylov bo‘lib o‘tdi. Saylovda vakillar ro‘yxatiga kiritilganlarning uchdan ikki qismi qatnashmadi. Shuningdek, vakillar ro‘yxatida bir nomzodning o‘zi, ukasi va xotini ham bor edi. Eng achinarlisi, vakillar ro‘yxatiga vafot etib ketgan fuqaro, ayni paytda Rossiyada ishlab yurgan mahalladoshimiz ham kiritilgandi. Shunday bo‘lsa-da, saylov o‘tkazilgan deb hisoblandi. Sanoq jarayonida ham adolatsizliklar qilindi”, — deydi murojaatchi Arslon Mamatqulov.
Murojaatchining qo‘shimcha qilishicha, mazkur ish Qarshi tumanlararo Ma’muriy sudi sudyasi L.Zaynitdinova raisligida ko‘rib chiqilgan.
“Sudyaning adolatliligi bizni quvontirdi. U ko‘rinib turgan haqiqatni inkor etmadi. Tan oldi va adolatning qaror topishi uchun MFY raisligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovni haqiqiy emas deb topdi”, — deydi Arslon Mamatqulov.
Sud jarayonida murojaatchi, sudda da’vogar sifatida ishtirok etgan Arslon Mamatqulov vajlari — vakillar ro‘yxatiga marhum, ayni paytda Rossiyada ishlab yurgan fuqaro kiritilgani isbotini topgan. Shunga ko‘ra sud javobgarlar — Koson tumani hokimligi, Fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Koson tumani komissiyasi va Fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi zimmasiga saylovni qayta o‘tkazish majburiyatini yuklagan.
Avvalroq “Daryo”da Toshkent viloyatida MFY raisligiga nomzod ish tajribasi ko‘pligi ro‘kach qilinib, nomzodlar safidan chiqarib tashlangani xabar berilgandi.