Farg‘onada soliq qarzdorligi yuqori bo‘lgan tadbirkorlar bilan uchrashish va undiruv choralarini ko‘rish maqsadida viloyatning barcha shahar va tumanlarida xatlov tadbirlari olib borilmoqda. Bu haqda soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Tillavoldiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Qayd etilishicha, turli vajlar bilan to‘lanmay kelinayotgan soliq qarzdorliklarini mol-mulk hisobidan qoplash uchun viloyat Davlat soliq boshqarmasi va MIB viloyat boshqarmasi hamkorligida maxsus ishchi guruh tashkil etilgan.
2022-yil iyun oyi davomida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida soliqdan qarzdorligi mavjud bo‘lgan 120 ta tadbirkorlik subyekti 11,6 milliard so‘m miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirgan. Shuningdek, qarzdorligi katta bo‘lgan 84 ta tadbirkorlik subyektining 72,1 milliard so‘mlik mol-mulklari xatlovga olingan.
Ta’kidlanishicha, davlat budjetiga soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va tadbirkorlik subyektlariga yaqindan ko‘maklashish natijasida viloyatda soliq tushumlari sezilarli darajada ortgan.
Viloyatda 2022-yil 1-yarim yillikdagi budjet tushumlari 2 trillion so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 baravarga o‘sgan.