Xorazm viloyatida erkak sobiq xotini va qaynonasini pichoqladi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.
Rossiyaga 2020-yil ishlashga ketgan Sh.I. (ayol) va O‘zbekistonda qolgan uning eri A.J. o‘rtasida kelishmovchilik chiqadi.
Sudning 2021-yil 25-martdagi qaroriga asosan A.J. va xotini xonqalik Sh.I. o‘rtasidagi nikoh bekor qilingan. Mojaro taraflarning ajrashuvidan so‘ng ham davom etgan. Bunga o‘rtadagi 2 nafar farzandning tarbiyasi otadan onaga olib berilgani sabab bo‘lgan. U.J.ga haftaning muayyan kunlari farzandlari bilan uchrashib turish huquqi berilgan.
Bolalarning ona uyidagi tarbiyasi otani qanoatlantirmagan. U o‘z farzandlarini bir necha bor yuz-ko‘zlari ko‘kargan va lat yegan ahvolda uchratgan. Bunday holat 2021-yilning 3-iyul kuni ham sodir bo‘lgan.
Bundan ranjigan ota orani ochiq qilishga qaror qilgan. U yarim tunda sobiq xotinining oldiga otlangan. U hovlining pastqam devoridan oshib o‘tib, so‘rida uxlayotgan sobiq qaynonasi N.B. va sobiq xotini Sh.I.ga ketma-ket pichoq sanchgan. Shovqin-suronni eshitgan qo‘shnilar yordamga yetib kelishganda A. allaqachon voqea joyidan qochib ketgan.
Sh. voqea joyida vafot etgan. N.B. shifoxonaga yotqizilgan.
Sud A.J.ga nisbatan 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.