Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

90 yil avval. 1932-yil 24-iyun, juma

Xabar berishlaricha, O‘zbekiston hukumati (Xalq komissarlari sho‘rosi) hukumat raisi Fayzulla Xo‘jayevga bir yarim oylik “otpuska” berishga qaror qilgan. “XKS raisligi vazifasi rais o‘rinbosari o‘rtoq Karimovga yuklatiladi”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston” axborotida.

Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 24-iyun sonidan lavha

Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 24-iyun sonidan lavha

Gazetaning yozishicha, 1932-yil holatiga Toshkent shahrida 18 ta oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, ularda 25 ming talaba bor. “Har bir vuz hozirda o‘zicha adabiyot qidirib, uni tarjima qildirish va bostirish uchun harakat qilmoqda. Buning natijasida qiziq ahvollar uchramoqdakim, masalan, SAXI agrokimyo va matematika kitobini tarjima qilishga boshlagan bo‘lsa, xuddi shu kitobni SAPI ham tarjima qilishga boshladi. Bu esa vuzlar o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qligini ochiqdan-ochiq ko‘rsatadi”, — deyiladi gazetadagi “Yuqori maktablarga yerli tillarda kitoblar kerak. Kitob chiqarishdagi va tarjimadagi o‘zboshimchalik bitsin” sarlavhali materialda.

Hasanboydagi “Sharq haqiqati” kolxozida chopiq ishlari “sharmandali sur’atlar bilan” davom etmoqda. “Qizil O‘zbekiston”ning ko‘rsatishicha, bunga sabab — “ishga kolxozchi er va xotin-qizlarning to‘la ravishda tortilmaganidir”. “Kolxozning rahbarlari sanalgan Mahkam Aliyev va Qodir Shoniyozovlar ‘xotin-qizlar ishlay olmaydi’ deb, ularni kamsitib, xotin-qizlarning g‘ayratiga ishonmaydi”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston”dagi xabarda.

AQShdagi bo‘lajak prezident saylovida kimlar ovoz bera olmaydi? “1. Janubiy viloyatlardagi negrlar; 2. Milliy gvardiyaning soldatlari; 3. Harbiy va savdo flotining ishchilari; 4. Ishsizlar”. “Qizil O‘zbekiston”ning qo‘shimcha qilishicha, ishsizlar va askarlarga bera olmaydi, ammo “oshkora kezib yuraturgan va hatto politsiya himoyasidan foydalana turgan Amerika o‘g‘rilari (gangsterlari) raisjumhur saylovida ovoz bera oladi”. Sovet gazetalari bundan darg‘azab!

60 yil avval. 1962-yil 24-iyun, yakshanba

24-iyun — Sovet yoshlari kuni:

Jurnalistlar Toshkent bozorlarida reydlar uyushtirgan, narx-navoni o‘rgangan — bundan 60 yil avval Oloy Toshkentning eng qimmat bozori bo‘lmagan ekan.

30 yil avval. 1992-yil 24-iyun, chorshanba

Prezident Islom Karimov Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab turnedan qaytgan. U Toshkent aeroportida muxbirlarning savollariga javob berarkan, safar davomida “Andijonda katta avtomobil zavodi qurishga kelishilgani”ni ma’lum qilgan. “Bu zavodda eng zamonaviy yengil mashinalar, mikroavtobuslar va ixcham yuk mashinalari ishlab chiqariladi”, — deb ta’kidlagan Karimov.

O‘zbekiston parlamentining 2-iyul kuni ochiladigan navbatdagi sessiyasi oldidan gazetalar turli mas’ullar, mutasaddilardan intervyular olmoqda. Masalan, “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan suhbatlashgan. “Chet el sarmoyasining iqtisodimizga kirib kelishiga imkoniyat yaratildi. Biroq bu boradagi ishlarni qoniqarli darajada, deb ayta olmayman”, — deb ta’kidlagan Sodiq Solihovich.

O‘zbekiston Oliy sudining 1992-yil 19-iyun kuni bo‘lib o‘tgan plenumida respublika hukumatiga 13 yil (1971—1984-yillar) davomida rahbarlik qilgan Normuhammad Xudoyberdiyev to‘la oqlangan.

Kelesda yoqqan do‘l aralash kuchli jala oqibatida suv toshqini yuz bergan, 500 ga yaqin xonadon zarar ko‘rgan:

O‘zA axborotiga ko‘ra, “Zaxariq rostmana toshib, temiryo‘l ostidan o‘tgan quvur torlik qilib qoldi. To‘plangan suv 1,5 metr yuqori ko‘tarildi”.

“Xalq so‘zi”ning qo‘shimcha qilishicha, ofat ro‘y bergan joyga O‘zbekiston bosh vaziri Abduhoshim Mutalov kelgan va “ofat oqibatlarini tugatishda respublika hukumati ham qarab turmasligini ta’kidlagan”.

“Shifo bo‘lsin” xabaridan iqtibos: “Saodatxon Karimova. Bu ism nafaqat Farg‘ona vodiysida, qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonda ham tanish. Sababi, u o‘zining sehrli barmoqlari-yu shifobaxsh nur qudrati bilan ko‘pchilikni darddan forig‘ etmoqda”.

Dunyoda nima gap? Moldova prezidenti Mircha Snegurning ta’kidlashicha, “hamma narsani o‘z nomi bilan atash kerak — biz Rossiya bilan jang qilyapmiz”.

“Toshkent oqshomi”ning yozishicha, Moldovadagi “Bendera shahri uchun janglarda 200 dan ko‘proq kishi halok bo‘lgan... Bu yerdagi Tiraspol shahrida esa 1 ming nafar kishi o‘lganligi va jarohatlanligi to‘g‘risidagi xabar tarqatildi”.

Mavzuga doir:

Habib Abdullayevning vafoti, O‘zbekistonning qahramon onalari, “halollik — sovet kishisining fazilati”. O‘zbek matbuoti 21-iyunda nimalar haqida yozgan?

Yangi — 1992-yilgi konstitutsiya muhokamasi, umumxalq saylovidan qo‘rqmaydigan hokim, Mustaqillik maydonidagi doimiyga aylangan muvaqqat obida. O‘zbek matbuoti 23-iyunda nimalar haqida yozgan?

Toshkentda bitiruv oqshomlari, savodsiz kommunistlar, qizlar bilan mushtlashmaydigan Avazbek Olimov. O‘zbek matbuoti 22-iyunda nimalar haqida yozgan?

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Ukrainadagi urushni Rossiya boshlamagan” — Putin (video)
Mahalliy
O‘zbekistonda davlat tashkilotlari mashinalariga gaz quyish vaqtincha taqiqlandi
Mahalliy
Toshkentda Cobalt yo‘ldan o‘tayotgan ona-bolani urib yubordi (video)