Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida IT tanlovi g‘olibiga “Pilot” (udlinitel) sovg‘a qilingani va bu kulgiga olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev mazkur holat nazoratga olinib, g‘oliblar qayta taqdirlanganini ma’lum qildi.
“Chimboyda IT tanlovi bo‘yicha vaziyatni darhol shaxsan nazoratga olib, g‘oliblarga yangi kompyuterlar topshirildi. Yoshlarimiz bu holatdan tushkunlikka tushmasliklarini so‘rab qolamiz. Bilimli yoshlarimizni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deb yozadi agentlik direktori.
Chimboy tumani hokimligining 20-iyun kungi ma’lumotiga ko‘ra, tumanda yoshlar oyligi doirasida 15—25 yoshli ishtirokchilar orasida “IT bilimdoni” tanlovining tuman bosqichi o‘tkazilgan. Unda 60 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etgan. Tanlov yakuniga ko‘ra, sovrindorlar bo‘lgan yigitga “Pilot” va sertifikat berilgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar o‘rtalarida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida yashovchi o‘quvchi “Bir million dasturchi” loyihasida birinchi o‘rin olgan va unga ishlatilgan noutbuk sovg‘a qilingandi. Keyinroq IT Park holatga g‘olib o‘quvchiga yangi kompyuter sovg‘a qilinganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)