Rossiya va O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyati Moskva—Toshkent yo‘nalishida parvozlar chastotasini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Rossiya Havo transporti federal agentligi xabar berdi.
Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi havo qatnovini rivojlantirish maqsadida aviatsiya rahbariyatlari Moskva—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chastotasini haftasiga 25 reysdan 39 tagacha oshirishga kelishib olgan.
O‘zbekiston tomonidan reyslarni Uzbekistan Airways va Qanot Sharq, Rossiya tomonidan esa “Aeroflot”, “Sibir” va “Yuteyr” aviakompaniyalari amalga oshiradi.
“Ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar sonining ortishi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yo‘lovchi tashishga bo‘lgan talabni qondirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Uzbekistan Airways Express Toshkentdan Samaraga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchiligi, Uzbekistan Airways Sochiga aviaqatnovlarni uzaytirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.