Bu yil g‘allani qabul qilish va uni sotishda joriy etilgan bozor mexanizmlari aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hamda g‘alla yetishtiruvchilarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilmoqda.
Mazkur tizimning barcha jarayonlari Respublika va hududiy shtablar, don korxonalariga biriktirilgan ishchi guruhlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Respublika shtabi va hududiy shtablarning bugungi kundagi asosiy vazifasi, ichki bozorni un va non mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash hisoblanadi.
Xususan, un mahsulotlarini xarid qiluvchi non ishlab chiqaruvchilarning birja savdolarida qatnashishiga ko‘maklashish va yuzaga kelgan muammolarni zudlik bilan bartaraf qilish maqsadida:
- har kuni respublika shtabining yig‘ilishi onlayn tarzida o‘tkazilib, un mahsulotlarini ishlab chiqarish, birjada sotilishi va non ishlab chiqaruvchilarga yetkazilishi holati muhokama qilinmoqda;
- respublikadagi mavjud 4,5 mingga yaqin qolipli non ishlab chiqaruvchilarga prokuratura, departament, MIB va soliq idoralarining jami 2 137 nafar xodimi biriktirilib, ularga tashkiliy va huquqiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida, o‘tgan to‘rt kun davomida 37,6 ming tonna un birja savdolariga qo‘yildi.
Shundan birja savdolarida 34,3 ming tonna un, 11 ming ta tuzilgan birja bitimlari orqali 7 mingdan ortiq tadbirkorlarga sotildi.
Umuman olganda don korxonalari tomonidan, joriy yilning iyun oyida 170 ming tonna un birja savdolari orqali sotilishi rejalashtirilgan bo‘lib, talab mavjud bo‘ladigan taqdirda, ushbu miqdorni yanada oshirish imkoniyati hisob-kitob qilingan.
Respublika va hududiy shtablar tomonidan un va non mahsulotlari bilan ta’minlash jarayonida, hududlarda ayrim kamchiliklar ham aniqlanib, ularni joyida bartaraf qilinishi ta’minlanmoqda.
Birgina, o‘tgan to‘rt kun davomida:
- muqaddam turli xil sabablarga ko‘ra faoliyati to‘xtab qolgan 10 ta qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati tiklandi;
- 205 ta tadbirkorga non qolipi hamda ishlab chiqarish uskunalari olib berildi;
- aylanma mablag‘ni shakllantirish uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi;
- 763 ta korxonaga birja savdolarida ishtirok etib, un sotib olish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilishiga ko‘maklashildi;
- 76 tasining soliqdan qarzi mavjudligi aniqlanib, soliq idoralari tomonidan to‘lash muddati kechiktirildi;
- 111 ta korxonalarning elektr, gaz va suv ta’minotidagi muammolari bartaraf qilindi.
Yoki, Ohangaron tumanidagi Hostes Family MCHJ qolipli non ishlab chiqarish binosining gaz ta’minoti bosimi va elektr energiyasi kuchlanishi ishlab chiqarish hajmidan past bo‘lganligi sababli to‘liq quvvatda ishlamagan.
Prokuratura organlarining amaliy yordamlari natijasida, yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf qilindi hamda faoliyati tiklangan.
Respublika shtabi va hududiy shtablarning yana bir asosiy vazifalaridan biri - bu joriy yilda yetishtirilgan g‘alla hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olinishini ta’minlash hamda rejadagi g‘allani daladan don qabul qilish shoxobchalariga olib kelinishini ta’minlashdan iboratdir.
Bu bo‘yicha ham barcha don korxonalariga va ularga qarashli 174 ta shoxobchalarga mutasaddi idoralarning 1800 ga yaqin xodimlari biriktirilib, ular joyida, ushbu soha vakillari bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatishmoqda.
Bosh prokuratura, “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan “d-xarid.uz” onlayn platformasi ham hech qanday inson omilisiz, ma’lumotlarni avtomatik tarzida qabul qilib jamlab bormoqda.
Bugungi kun holatiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari, respublikaning barcha viloyatlarida g‘alla o‘rimi uyushqoqlik bilan boshlangan.
O‘rim boshlanganiga qisqa muddat bo‘lgan bo‘lsada, hozirga qadar 170 ming tonnadan ortiq g‘alla don korxonalariga topshirildi.
Yaratilgan yangi tizimga ko‘ra, g‘allaning bir kilogrammi, dastlabki narx sifatida 3 ming so‘mdan qabul qilinayotganligi hamda kelgusida birja narxlaridan kelib chiqqan holda, ushbu narxga yana qo‘shimcha haq to‘lab berilishi barcha dehqon, fermerlar hamda klasterlar tomonidan ko‘taringki ruhda qabul qilingan.
Shu sababli, yetishtirilgan donni qabul qilinishi jarayonida, g‘alla yetishtiruvchilar tomonidan prokuratura organlari va shtablarga biror - bir e’tirozlar kelib tushmagan.
Yangi tizimga ko‘ra, qabul qilingan don uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish ishlari boshlangan bo‘lib, hozirga qadar, g‘alla yetishtiruvchilarga 146 mlrd so‘mlik mablag‘lar to‘lab berilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, g‘alla yetishtiruvchilardan rejadan tashqari ortiqcha umuman don talab qilinishiga to‘liq chek qo‘yilib, ushbu jarayon prokuratura xodimlari tomonidan to‘liq nazoratga olindi.
Shuningdek, o‘tgan yillardan qolgan don qoldig‘i to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ikkita don korxonasida aniqlangan kamomad bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Avvalroq g‘alla sotish bozor munosabatlariga o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgan edi.