Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi 16 yashar qiz vafot etgan. Baxtsiz hodisaga qizning otasi sababchi bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022-yilning 5-iyun kuni tumanning “Turg‘oq” mahallasida yashovchi SH.Y. 2006-yilda tug‘ilgan qizi V.Y.ga tanbeh berish maqsadida uning yuziga tarsaki tushirgan. Qiz muvozanatini yo‘qotib, betonga boshi bilan urilgan. Oqibatda tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.Bosh prokuratura axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, 2022-yilning 4-iyun kuni fuqaro Q.Sh. voyaga yetmagan qizi tungi vaqtda Spark’da bir yigit bilan yashirin ravishda uchrashuvga chiqqanligini bilib qolgan. Ushbu holatdan g‘azablangan ota qizini bosh qismiga bir necha marotaba urgan. Olgan tan jarohati ta’sirida qiz hushini yo‘qotgan. Ota qizining yuziga suv sepib, hushiga keltirgan va boshqa o‘sha yigit bilan gaplashib yurmasligini tayinlagan. Shundan so‘ng, qiz yotoqxonasiga kirib ketgan va olingan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Ma’lum qilinishicha, V.Y. Uchko‘prik tumanidagi 17-umumta’lim maktabining 10-sinfida ta’lim olgan.
Qizining o‘limida gumonlanayotgan ota qo‘lga olingan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.