Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 4-may sonidan lavha

90 yil avval. 4-may, chorshanba

1932-yilgi o‘zbek sovet gazetalari 1-may tantanalariga ko‘p o‘rin ajratmagan, masalan, “Qizil O‘zbekiston”ning Birinchi may bayramidan keyingi dastlabki — 4-may soni muqovasi faqat chigit ekish va pilla tayyorlash haqidagi xabarlarga to‘la. Bu xabarlar orasida “Qo‘qondagi o‘z muxbirimizdan molniya” tagsarlavhasi ostida berilgan xabar e’tiborni tortadi. Xabar shu son uchun favqulodda muhim, chunki Qo‘qon rayoni O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib paxta ekishni 100 foizga bajarib bo‘lgani haqida. Ammo bizning e’tiborimizni bu xabarchaning muallifi — El-Registan tortadi. Oradan taxminan 10 yilcha vaqt o‘tib, u SSSR madhiyasining hammualliflaridan biriga aylanadi (bu orada, albatta, uning o‘zbek ziyolilariga qarshi, ularning qatag‘on qilinishiga sababchi bo‘lgan buyurtma chiqishlarini ham unutmaslik kerak).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 4-may sonidan lavha

Gazetaning 2-sahifasi O‘zbekiston, SSSR va boshqa mamlakatlarda Birinchi may bayrami qanday nishonlangani haqidagi xabar va reportajlar bilan to‘ldirilgan. “Quvvat va safarbarlik namoyishi” xabarida ta’kidlanishicha, Toshkentdagi Birinchi may namoyishi davomida “yosh qizil askarlarga ont aytdirish marosimi” ham bo‘lib o‘tgan. 1932-yilgi harbiy qasamyodda shunday so‘zlar bor: “Sho‘ra Sotsialist Jumhuriyatlari Ittifoqini himoya qilish uchun o‘zimni majbur sanayman!..”. Xabarga ko‘ra, Toshkentdagi Birinchi may namoyishida “kam deganda 100 ming kishi” qatnashgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 4-may sonidan lavha

Ko‘zbo‘yamachiliklarga qarshi kurash — 1932-yilgi gazetalarning asosiy mavzularidan biri. Frenkin, Izzat Sulton va Sudovsov hammuallifligida tayyorlangan “‘Taxminanchilik’ — ko‘zbo‘yamachilik zamini. Hisobot ishlariga aniqlik kiritilsin” maqolasida ayni shu muammoning bir jihatiga e’tibor qaratiladi:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 4-may sonidan lavha

60 yil avval. 4-may, juma

1932-yilgi gazetalardan farqli ravishda, 1962-yilgi o‘zbek sovet gazetalari to‘laligigicha Birinchi may bayrami tafsilotlariga bag‘ishlangan. Quyida — Toshkentdagi sayildan lavhalar:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

Moskvadagi va Toshkentdagi bosh maydonlarda o‘tgan harbiy paradlardan lavhalar (qayd etish joiz, Toshkentdagi harbiy parad lavhasi hozirgi Prezident administratsiyasi joylashgan (sobiq Senat) binosi oldidan olingan):

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

Termizdagi bayramdan lavha:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

Andijondagi bayramdan lavha:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

Urganchdagi bayram xursandchiliklari:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

Toshkentdagi namoyishda Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni, armiya generali Fedyuninskiy so‘zga chiqib, jumladan, shunday degan: “Amerika imperializmi jahon reaksiyasining tayanchi, agressiyaning asosiy kuchi bo‘lib maydonga chiqmoqda, ochiqdan-ochiq qurol o‘qtalmoqda hamda Sovet Ittifoqiga va boshqa sotsialistik mamlakatlarga qarshi urush qilish planlarini tuzmoqda. Bunday sharoitda barcha sovet kishilaridan shu narsa talab qilinadiki, ular o‘zlarining revolyutsion hushyorliklarini nihoyat darajada oshirishlari va sotsialistik Vatanimizni muhofaza qilishga hamisha tayyor bo‘lib turishlari kerak”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

Gazeta chet mamlakatlarda Birinchi may qanday o‘tgani haqidagi xabarlarga yarim sahifa ajratgan — sotsialistik mamlakatlardan faqat xushxabarlar, kapitalistik mamlakatlardan esa quyidagicha xavotirli materiallar:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

Darvoqe, Indoneziya tashqi ishlar vaziri doktor Subandrio, Moskvaga safari davomida, Toshkentda to‘xtab o‘tgan. Aviatsiya hozirgidek rivojlanmagan o‘sha davr uchun SSSRga janubdan kelayotgan delegatsiyalarning Toshkentda to‘xtab o‘tishi odatiy hol edi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 4-may sonidan lavha

30 yil avval. 4-may, dushanba

Ishsizlik — mustaqil O‘zbekiston uchun, “hamma o‘zbekistonliklar uchun yangi hodisa”. 1932 va 1962-yilgi o‘zbek sovet gazetalari jahonda ishsizlar ko‘payib borayotgani haqida, sovetlar mamlakatida esa bunday tushunchaning o‘zi yo‘qligini ta’kidlab kelgan bo‘lsa, endi O‘zbekiston rasmiylari ham, oddiy o‘zbekistonliklar ham bu muammo bilan jiddiy to‘qnash kelgan, uni hal qilish yo‘llarini izlamoqda. “Toshkent oqshomi”da shahar Mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoyalash bosh boshqarmasi boshlig‘i Sobir Saidkarimov bilan uyushtirilgan suhbat shu mavzuda. Uning ta’kidlashicha, 1992-yil 1-iyul holatiga ko‘ra Toshkentda ishsizlar soni 200 ming kishiga yetishi kutilmoqda.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 4-may sonidan lavha

Oliy toifadagi o‘qituvchi Qidirboy To‘laboyev “Toshkent oqshomi”da e’lon qilingan “O‘quvchi nega o‘qimaydi?” sarlavhali maqolasida maktablardagi o‘qituvchilar tarkibi maktablarda 2 baho qo‘yish mumkin bo‘lmagani uchun, bilimsiz bolalarga ham 3 qo‘yish, darsda jim o‘tirgani uchun 4 qo‘yish oqibatida maktabni bitirgan, so‘ng institutlarga ham tanish-bilish bilan kirib, amal-taqal bitirgan qobiliyatsiz, tasodifan kelib qolganlar hisobiga to‘lganini tanqid qiladi. Shuningdek, muallif 11 yillik ta’limni bekor qilib, “hozirgi maktablarni 8 yillikka aylantirish kerak”ligini ta’kidlagan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 4-may sonidan lavha

Jamoat transporti — “Toshkent oqshomi”ning doimiy mavzularidan biri. Gazetaning deyarli har sonida poytaxt jamoat transporti turli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida materiallar berib boriladi. “Tramvayda yurish qanchaga tushadi?” materiali shunday satrlar bilan boshlanadi: “Hozirgi vaqtda shahar yo‘lovchilari transportining turli xillarida 248 yo‘nalish bo‘yicha manzillarga eltib qo‘yilmoqda. Har kuni yo‘nalishlarga 1476 avtobus va kichik avtobuslar, 358 tramvay, 308 trolleybus, ikkin mingdan ziyod yengil taksilar chiqarilmoqda. Lekin yo‘lovchilar transporti aholini manzilga yetkazib qo‘yish hajmining uddasidan chiqolmayotir”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 4-may sonidan lavha

“Afg‘oniston mujohidlar hukumati qator davlatlar tomonidan rasman tan olina boshlandi”, deyiladi xorij xabarlarining birinchisidan. Masalan, yangi hukumatga Turkiya, Fransiya, Buyuk Britaniya rahbarlaridan tabriknomalar kelgan. AQShda esa mamlakat tarixidagi eng yirik ommaviy tartibsizliklar — Los-Anjeles isyoni bo‘lib o‘tgan (4-may kuni isyon bostirilgan):

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 4-may sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi