Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi O‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish yuzasidan o‘tkazilgan reydda bir necha fuqarolar saksovul o‘g‘irlagani aniqladi. Bu haqda “Daryo”ga Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi axborot xizmati rahbari Murodjon Rahmatulloyev xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2-fevral kuni Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda viloyat IIB tezkor xodimlari bilan hamkorlikda Peshku tumani cho‘l hududlarida reyd tadbirlarini o‘tkazgan. Tumanning “Bobohoji” MFYda yashovchi 25 yoshli fuqaro F.H. o‘ziga tegishli bo‘lgan “GAZ-53” yuk mashinasida noqonuniy ravishda jami 52,5 metr kub bo‘lgan saksovul o‘simligini sindirib, kesib olib ketayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
F.H.ning yashirin ravishda talon-toroj qilayotgan saksovullarning qora bozordagi taxminiy bahosi 20 million so‘mni tashkil qilishi aniqlangan. Suhbat davomida u o‘zining Buxoro davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgani, saksovulni sotish uchun emas, o‘zi yashayotgan hududda tabiiy gaz yo‘qligi va qo‘lbola isitish pechlaridan foydalanishda o‘tin, tarasha masalasi ham og‘ir ekanini va bunga majbur bo‘lganini bildirgan. Saksovullar tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Keyingi holat tumandagi “Qoraqalpoq” MFYda yashovchi 24 yoshli fuqaro D.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan “UAZ” rusumli avtomashinada Peshku tumani cho‘l hududidan jami 7,3 metr kub bo‘lgan, qora bozordagi taxminiy bahosi 3 million so‘mga yaqin saksovulni noqonuniy ravishda olib ketayotganida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.
Aynan shu hududda uchinchi holat 41 yoshli fuqaro B.H. tomonidan sodir etilgan. B.H. o‘ziga tegishli “KamAZ” yuk mashinasida Peshku tumani cho‘l hududidan jami 89,1 metr kub bo‘lgan, qora bozordagi taxminiy bahosi 34 million so‘mga yaqin saksovulni sotish uchun olib ketayotganda ushlangan. Ayrim fuqarolar reyd davomida tadbir ishtirokchilariga faol qarshilik ko‘rsatib, voqea joyidan qochib ketishga urinishgan.
Har uch holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (o‘simlik dunyosi obyektlarini yig‘ish, tayyorlash va ulardan foydalanish tartibi hamda shartlarini buzish) 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Ushbu bandga ko‘ra, fuqaro BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (810 000 so‘mdan 1 350 000 so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 5 baravardan 10 baravargacha (1 350 000 so‘mdan 2 700 000 so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi.
Mavzuga doir:
- Buxoroda saksovul o‘g‘irlagan 10 ta yuk mashinasidan biri ushlandi. Haydovchi tabiiy gaz bo‘lmagani uchun bunga qo‘l urganini bildirgan
- Buxoroda saksovul terish evaziga fuqarodan pora talab qilgan inspeksiya mas’ullari jinoyat ustida qo‘lga olindi
- Video: Buxoroda cho‘ldan saksovul o‘g‘irlab, inspektorlardan qochayotgan 4 ta yuk mashinasi
Izoh (0)