Buxoro viloyatining Peshku tumani hududidagi cho‘lda yashirin tarzda saksovul o‘g‘irlab, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining inspektorlaridan soatiga 100 km tezlikda qochgan yuk avtomobili haydovchilari qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, boshqarma inspektorlari hamda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan Peshku tumanida reyd tadbiri o‘tkazilgan. Reydda to‘rtta Gaz-53 yuk avtomashinasida saksovul o‘g‘irlab, cho‘l hududini kesib o‘tuvchi yo‘lda inspektorlardan qochishga uringan haydovchilar aniqlangan.
Yuk avtomashinalariga yaqin borilganda uchta yuk avtomobil haydovchisi mashinasining davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olgani ma’lum bo‘lgan. Boshqarma hamda Milliy gvardiya xodimlari sa’y-harakati bilan ulardan biri to‘xtatilgan. Yana bir yuk avtomobili esa saksovulni ag‘darib qochgan. Qolgan ikkitasi esa yuk bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi (Daraxtlar, butalar, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yordamida holat yuzasidan tezkor surishtiruv va qidiruv ishlari olib borilgan. Natijada voqea joyidan qochgan va shaxsi aniqlangan fuqarolar M.Sh., R.F. hamda G.S.larga nisbatan tegishli tartibda jarima sanksiyalari qo‘llanilgan. Ularning har biridan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorda jarima undirilgan.